Norvegiya futbol federatsiyasi FIFA ustidan etik qo‘mitaga shikoyat qiladi
NFF rahbari Klaveness fikricha, bunday rezonansli masalada qaror bir necha a’zo ishtirokida muhokama qilinishi kerak edi.
Norvegiya futbol federatsiyasi (NFF) prezidenti Lise Klaveness FIFAning Folarin Balogun bilan bog‘liq qarori yuzasidan tashkilotning Etika qo‘mitasiga rasmiy shikoyat kiritishini ma’lum qildi.
Balogun Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgan va bu keyingi o‘yinni avtomatik ravishda o‘tkazib yuborishini anglatardi. Biroq ko‘p o‘tmay FIFA Intizom qo‘mitasi uning diskvalifikatsiyasini to‘xtatgan edi.
“Qoidalar shu tarzda o‘zgartirilsa, bu futbolning o‘zi uchun xavfli yo‘lga olib kiradi. O‘yinning asosiy tamoyillari buzilishi juda xavotirli holat”, — dedi Klaveness ESPNga.
Uning ta’kidlashicha, bunday muhim qaror FIFA Intizom qo‘mitasi raisi Muhammad Al-Kamali tomonidan yakka tartibda qabul qilingan. Klaveness fikricha, bunday rezonansli masalada qaror bir necha a’zo ishtirokida muhokama qilinishi kerak edi.
“Kuchli tashqi bosim mavjud bo‘lgan vaziyatda qarorni bir necha kishi qabul qilishi juda muhim. Aks holda bu xato hisoblanadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Klaveness ushbu ishni e’tiborsiz qoldirish mumkin emasligini bildirib, bu holat futboldagi shunga o‘xshash masalalar haqida ochiq gapirishga turtki bo‘lishiga umid bildirdi.
Avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga ham FIFA prezidenti Janni Infantinoning JCH–2026 vaqtida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan aloqalari yuzasidan shikoyat yuborilgani haqida xabar berilgandi.