Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddati qisqartiriladi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shu maqsadga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Qayd etilishicha, istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan stipendiatlar uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarini undirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan.

Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiat uchun sarflagan o‘qitish xarajatlarini undirish yuzasidan sudlarga kiritgan da’volari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Yarim tayyor zargarlik buyumlarini realizatsiya qilish bilan bog‘liq jarayonlarni takomillashtirish, eksportga doir qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish lozimligi xususida fikr bildirildi.
Huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan yoki o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normalarni bekor qilish orqali qonunchilik bazasini ixchamlashtirish talab etilayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan bugungi kunga qadar amalda bo‘lib kelgan, biroq amaliy ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topilmoqda.
Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA