Noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yildi
Qonunchilikda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, undan xo‘jasizlarcha foydalanish va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, ko‘p qavatli uylarda yashash va foydalanishning o‘ziga yarasha talablari bor.
Jumladan, kvartiralar ichki qismi, devorlarini o‘zboshimchalik bilan buzish va o‘zgartirish, uylarga tutash hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Shu bilan birga, yong‘in xavfsizligi talablarini, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talab etiladi. Taassufki, keyingi paytlarda ko‘p qavatli uylarda yashovchilar tomonidan tutash hududlarda o‘ziga xos imoratlar qurib olinmoqda.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida noqonuniy qurilishlar hamda ichimlik va oqova suvdan foydalanish bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.

Jumladan, tumandagi maktablarda “Ochiq byudjet” loyihasi asosida qurilayotgan qo‘shimcha binolardagi ishlar o‘rganildi. Xususan, 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududidagi qo‘shimcha 90 o‘rinli bino va 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi qo‘shimcha 180 o‘rinli binolardagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. O‘rganish davomida bu ob’ektlarda nazorat ishlari sust amalga oshirilganligi, loyihadan chetga chiqish holatlari, sifatsiz bajarilgan ish turlari aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi va zarur o‘rinlar buzdirildi. Mas’ullarga qurilish-montaj ishlarini sifatli va o‘z muddatida amalga oshirish uqtirildi.

Toshloq tumani “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p kvartirali uylarning umumfoydalanish hududiga bir necha fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgani aniqlandi.
Tumanning Yangi yo‘l mahallasi hududida fuqaro R.Yuldashev tomonidan esa ikki qavatli inshoot qurilish ishlarini hududiy inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tmasdan boshlab yuborilgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha fuqarolarga 15 kunlik muddatda ushbu qurilmalarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berilib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, “Sadda” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro X.Qodirovning “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ tuman bo‘limiga qarashli oqova suv tarmog‘iga ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirmasdan o‘zboshimchalik bilan ulanib olganligi aniqlandi.
Fuqaro A.Otaboyevga qarashli avtomobillarni yuvish shoxobchasida esa qo‘lbola quduq (kachalka)dan foydalanilayotgani, avtomobillarni yuvishdan hosil bo‘ladigan chiqindi suv oqova suv tarmog‘iga tashlanayotgani, lekin o‘rnatilgan suv hisoblagich uskunasining muhri buzilganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etishga tayyorlanmoqda.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ichimlik suvidan suv o‘lchash uskunasisiz foydalanilayotganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 163-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy jarimalar rasmiylashtirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA