Noqonuniy ov qilganlarga chora ko‘rilmoqda
Ma’lumki, belgilangan hududda yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun tasdiqlangan kvotalar bo‘yicha ovchilik guvohnomasi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan berilgan ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslargagina ov qilishga ruxsat etiladi.
Biroq mavjud talablarga rioya qilmayotgan ayrim shaxslar o‘z ehtiyojlarini o‘ylab, muhofazadagi jonivorlar va qushlarga zarar yetkazmoqda. Xususan, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan Bo‘stonliq tumani Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Qorong‘u To‘qay bo‘limi hududida ekologik nazorat tadbirlari olib borildi.

O‘tkazilgan reyd tadbiri davomida shu yerda yashovchi fuqaro Y.B. inspektorlar tomonidan ko‘zdan kechirildi. Uning yonidan bir bosh Sibir tog‘ echkisiga tegishli bo‘lgan bosh qismi va go‘sht borligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Bo‘stonliq tumani sudiga yuborildi. Mazkur holat yuzasidan hayvonot dunyosiga 11 milliondan so‘mdan ziyod zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Ohangaron tumani “Tut” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida fuqaro B.T. tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz maxsus to‘r yordamida sayroqi sava qushlarini ovlayotganlik holati aniqlandi. Ushbu huquqbuzarga nisbatan MJtKning 90-moddasi, 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va jarima chorasi qo‘llanildi. O‘n bosh sayroqi sava qushlari ochiq tabiat qo‘yib yuborildi.
A.Musayev, O‘zA