Noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy gazdan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, energetika resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Komplayens nazorat tuzilmalari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilayotgan reydlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, G‘ijduvon tumanining “G‘ovshun” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan oshxona binosida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Aniqlanishicha, ushbu ob’ekt hech qanday loyiha hujjatlarisiz faoliyat yuritib kelgan bo‘lib, boshqa manzilga tegishli elektron gaz hisoblash uskunasi o‘zboshimchalik bilan ko‘chirib kelingan va noqonuniy tarzda ishlatilgan.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish orqali ta’minotchi korxona manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 114 million 936 ming so‘m miqdorida moddiy zarar aniqlangan.

Shuningdek, Shofirkon tumanining “Paxtaobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro T.B.ning xonadoni ham ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruv davomida iste’molchi elektron gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tib, yashirin ulanish yo‘li orqali tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelgani aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilib, 100 million 647 ming so‘m miqdorida zarar hisoblangan.
Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonun doirasida chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki tarmoqlarda bosim pasayishi, avariyaviy holatlar va xavfsizlik muammolarini ham keltirib chiqaradi. Shu bois aholidan tabiiy gazdan qonun doirasida va xavfsiz tarzda foydalanish, hisoblash uskunalariga o‘zboshimchalik bilan aralashmaslik so‘ralmoqda.

Bunday nazorat tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettirilishi, energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlariga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri