Noqonuniy etil spirti savdosi fosh etildi
Buxoro viloyatida nazorat organlari tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar davomida qonunbuzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Jondor tumanidagi jiddiy qonunbuzilish holati fosh etildi.
Aniqlanishicha, davlat ro‘yxatidan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor “Sh.U.” hamda fuqaro J.Q. o‘zaro til biriktirgan holda, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan faoliyat yuritgan. Ular kirim hujjatlari va muvofiqlik sertifikatisiz bo‘lgan umumiy qiymati 72 million so‘mlik 1 115 litr etil spirtini noqonuniy ravishda savdoga chiqargan.
Tekshiruv jarayonida mazkur spirt mahsulotlari birja savdolari orqali Olot tumani tibbiyot birlashmasi hamda boshqa byudjet tashkilotlariga pul o‘tkazish yo‘li bilan yetkazib berilgani ham ma’lum bo‘ldi. Bu esa holatning yanada jiddiy ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi, ya’ni etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirgi vaqtda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.