Noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi
Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Ekopolitsiyasining tezkor guruhi xodimlari tomonidan Qiziltepa tumani hududidagi To‘dako‘l tibbiy suv havzasida navbatdagi nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.
Nazorat jarayonida fuqaro I.J. tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz, sintetik to‘rdan foydalangan holda noqonuniy baliq ovlayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, 26 dona baliq ashyoviy dalil sifatida olindi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mazkur qonunbuzilish oqibatida tabiatga 44 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblandi. Qonunbuzilishga oid to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Navoiy viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Tabiiy suv havzalarida baliq zaxiralarini muhofaza qilish, noqonuniy ovchilikning oldini olish va ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri