Nomzodlar turniri: Bugun Javohir Sindorov Andrey Yesipenko bilan bellashadi
Bugun, 7-aprel kuni Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining ikkinchi bosqich musobaqalari boshlanadi.
Dunyoning eng kuchli 8 nafar erkak va 8 nafar ayol shaxmatchilari dona surayotgan nufuzli musobaqaning 8-turida Javohir Sindorov qora donalarda Andrey Yesipenko bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, mahoratli shaxmatchimiz turnirning ilk turida oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Yesipenkoni taslim etgandi.

Bugun shuningdek, Vey I (Xitoy) — Mattias Blyubaum (Germaniya), Anish Giri (Niderlandiya) — Praggnanandxa (Hindiston), Hikaru Nakamura (AQSH) — Fabiano Karuana(AQSH) o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Biz uchun e’tiborli jihati, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Nomzodlar turniri tarixida g‘oliblikka erishgan shaxmatchilar turnir davomida o‘rtacha 3–5 ta g‘alabani qayd etgan.

Javohir Sindorov esa bu galgi Nomzodlar turnirida ortda qolgan 7 ta turning 5 tasida muvaffaqiyatga erishgani, oldinda yana 7 ta tur mavjudligini e’tiborga olsak, da’vogarlar musobaqasining rekordi aynan hamyurtimiz tomonidan o‘rnatilishiga yaqin.
8-tur o‘yinlari ostonasida Sindorov 7 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘argan holda yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. Javohirdan 1,5 ochko ortda qolayotgan AQSH vakili Fabiano Karuana 4,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Musobaqalar 16-aprelga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA