Nomzod sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov Sirdaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi.
Saylovoldi uchrashuvida viloyatdagi tuman va shahar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.


Tadbirni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati Sherali Mamadetsoyev olib bordi. Nomzodning ishonchli vakili O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Firdavs Sharipov nomzod Ulug‘bek Inoyatovning tarjimai holi haqida ma’lumot berdi. Nomzodning saylovoldi dasturida ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari kabi taklif va tashabbuslar ilgari surilgan. Bundan tashqari, dasturda har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash, ushbu maqsadda “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida” qonun qabul qilish taklif etilgan. Shu bilan birga dasturda, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoyalash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan faollar saylovchilarni Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.


Sh.Suyarov, O‘zA.