Nogironligi bor ayol e’tibordan mamnun (+ video)
Kambag‘allikdan farovonlik sari
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 13 dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida nogironligi bor kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Surxondaryo viloyatida ham “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolar va nogironligi bor kambag‘al oila a’zolari bandligini ta’minlash uchun kasb-hunarga o‘qitib, tomorqadan unumli foydalanishiga, doimiy daromad topishiga zarur yordam ko‘rsatilayotir. Bunga Muzrabot tumanidagi Oriyat mahallasida yashaydigan nogironligi bor Fotima Rashidova va oilasiga qaratilgan e’tibor yaqqol misol bo‘ladi.
– Kasalligim tufayli hayotga qiziqishim qolmagan edi, – deydi Fotima Rashidova. – Mening tashxisim suyak yemirilishi kasalligi. Bu kasallik boshlanganiga uch yildan oshdi. Shunday bo‘lsa ham o‘zim uyda tikuvchilik qilar edim. Lekin, bunday tikuv mashinalari, tikuv sexi qilishga imkoniyatimiz yo‘q edi.
Uch nafar farzandni ulg‘aytirayotgan Fotima va turmush o‘rtog‘i uchun bu yil serfayz bo‘ldi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga muvofiq homiylar biriktirilib, uy-joyi ta’mirlandi. Hovlida sex barpo etilib, zamonaviy tikuvchilik mashinkalari bilan ta’minlandi. Davolanishiga ko‘maklashildi.
– Mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim kelib, sharoitimizni o‘rgandi, – deya suhbatni davom ettiradi Fotima Rashidova. – Mening ahvolimdan kelib chiqib, yordam berishdi. Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonaning nevrologiya bo‘limiga yotqizildim. O‘n kun davolanib chiqdim. Fiziomuolajalar oldim. Ancha yaxshi bo‘ldim. Davolanayotganimda uyimizda sex ochib, tikuv mashinalari o‘rnatib berishdi. Besh nafar shogirdim bor. Bundan tashqari, qishloq ayollari ko‘ylaklik olib keladi. Ko‘rpa-yostiqlarini tikamiz.
Homiylar ko‘magi bilan xonadonida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan uy bekasi endilikda tomorqasidan ham qo‘shimcha daromad oladigan bo‘ldi.
– Tikuvchilikdan tashqari tomorqamiz yerini haydattirib, piyoz ekib berishdi, – deydi Fotima Rashidova. – Prezidentimizga, mutasaddilarga rahmat aytaman. Bundan keyin bu sexni rivojlantirib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni niyat qildim.
Viloyatda kambag‘al va nogironligi bor kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda. Mazkur dastur doirasida joriy yilda 37 mingdan ortiq kishini kambag‘allikdan olib chiqish mo‘ljallanmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Mcx-3LdOQ-0?si=kr9zbUrAhQRQSgyR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri