Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini barqarorlashtirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Ularni mehnat bozoriga integratsiya qilish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida xalqaro hamkorliklar ham kengayib bormoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish jarayoni ijobiy tusga kirgan. Bu raqamlarda ham o‘z aksini topib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan imkoniyati cheklanganlar uchun ham har bir davlat idoralarida ish o‘rinlari yaratilayotgani, ular ham jamiyatda o‘z o‘rni va qadr-qimmatini topayotgani xalqimiz e’tirofiga ham sabab bo‘lmoqda.
Ana shunday islohotlarning davomi o‘laroq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida “Aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va integratsiyalashuviga ko‘maklashish” (PROSPI) loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlaydigan tizimini rivojlantirish, ularning mehnat bozoriga integratsiyalashuvi va ish joyida barqaror faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, ijtimoiy himoya tizimi, nodavlat notijorat tashkilotlari va xususiy sektor o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish, shuningdek, ushbu jarayonda ijtimoiy xodimlarning ijtimoiy hamrohlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuni aytish kerakki, bunday hamkorliklar sohada yangi tashabbuslar va tajribalar ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa yanada ko‘proq imkoniyat va nogironligi bo‘lgan insonlar uchun quvonch desak, adashmaymiz.
Sherbek Islomov, O‘zA