Nogironlar mehr va e’tiborda (+video)
BMT Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida e’tirof etilgan.
Shundan buyon har yili mazkur sana doirasida nogironlar duch kelayotgan muammolarni chuqurroq anglash, ularni bartaraf etish, qadr-qimmati, huquqini himoyalash, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar uyushtiriladi, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Jizzax shahrining “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Jizzax viloyatida istiqomat qilayotgan imkoniyati cheklanganlar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, mehnat va ishlab chiqarish faollari hamda ijtimoiy soha vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda Jizzax viloyatida 38 ming 776 nafar nogironligi bo‘lgan yurtdoshimiz istiqomat qilayotgan bo‘lsa, shulardan 8 ming 427 nafarini nogironligi bo‘lgan bolalar tashkil etadi.
Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 1 ming 211 nafar nogiron fuqaroga viloyat Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida davolanishi uchun order berildi, 245 ta nogironlik aravachasi tarqatildi, 456 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan, 466 nafari esa protez-ortopediya jihozlari bilan ta’minlandi.
Jizzaxlik nogironligi bo‘lgan shaxslar Xalqaro paralimpiya va O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan musobaqalarda turli darajadagi 44 ta medal sohibi bo‘lganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
[gallery-14879]
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi xodimlari Jizzax shahrida joylashgan 5-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarini yo‘qlab borishdi. Bu yerda aqliy nutqi va psixik rivojlanishida, tayanch harakatida nuqsoni bor, miya falaji, zaif ko‘ruvchi, zaif eshituvchi va kar saqov bolalar tarbiyalanadi. Ular ushbu sana munosabati bilan tarbiyachilari yordamida tayyorlangan badiiy chiqishlarni namoyish etdi. Ularni qutlagani kelganlar har birlari bilan imkon qadar muloqotda bo‘lib, tarbiyalanayotganlarning barchalariga sovg‘a-salomlar ulashdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi viloyat boshqarmasi hamkorligida “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Zarbdor tumani “Navruz” MFYdagi “Oltin vodiy” madaniyat saroyida tadbir tashkil etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ffjv9FZ3wMs" title="Nogironlar mehr va e’tiborda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>“Mehr va e’tibordagilar” mavzusidagi tadbirga Zarbdor tumanidagi 1-sonli kar hamda 2-sonli zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatlari o‘quvchilari hamda uy ta’limidagi bolalar qatnashdi.
Maxsus maktab- internatlar o‘quvchilari tomonidan tashkil etilgan sahna chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat, video),
O‘zA muxbirlari