Nobel mukofotiga olib kelgan kashfiyot: Yorug‘lik miyaning “pulti”ga aylandi
Olimlar yorug‘lik yordamida miyadagi ayrim hujayralarni masofadan “yoqish” va “o‘chirish” imkonini yaratdi. Ana shu g‘ayri oddiy texnologiyani rivojlantirgan Karl Daysserot, Peter Xegemann va Georg Nagel 2026-yilgi fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Bu kashfiyotning tarixi miyadan emas, yorug‘lik tomon suzadigan bir hujayrali suv o‘tidan boshlangan. Xegemann “Chlamydomonas” nomli organizmni o‘rganar ekan, uning yorug‘likni sezadigan kichik “ko‘zchasi”ga e’tibor qaratdi va kanalrodopsin – yorug‘likka sezgir oqsilni aniqladi. Nagel bilan birga olimlar ushbu genni boshqa hujayraga kiritib, ko‘k yorug‘lik tushganda ulardagi kanal atigi 0,2 milli soniyada ochilib, elektr impulsi hosil qilishini ko‘rsatdi. Keyin Daysserot bu texnologiyani nerv hujayrasiga tatbiq etdi: ko‘k nur yordamida neyronni ishga tushirish, so‘ngra tirik sichqon miyasida muayyan hujayrani boshqarish mumkinligi isbotlandi.
Bugun optogenetika olimlarga miyaning qaysi qismi qo‘rquv, xavotir, og‘riq, chanqoq yoki mukofot hissini yuzaga keltirishini aniqroq o‘rganish imkonini bermoqda. Texnologiya depressiya, shizofreniya, Parkinson kasalligi va epilepsiya kabi holatlarni tadqiq etishda ham qo‘llanyapti. Eng qizig‘i, kashfiyot laboratoriya devoridan chiqib ulgurdi: irsiy ko‘rish qobiliyati yo‘qolishiga olib keluvchi retinit pigmentoza bilan og‘rigan bemorda yorug‘likka sezgir genlar va maxsus ko‘zoynak yordamida ayrim ob’ektlarni qisman ko‘rish imkoni tiklangan. Nobel qo‘mitasi bu usulni neyron va miya faoliyatini o‘rganishda “yangi davr”ga yo‘l ochgan texnologiya sifatida baholamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA