NKMK xalqaro standart talablariga javob berdi
"Navoiy kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati faoliyatining ISO 37301:2021 "Komplayens-menejment tizimi" xalqaro standarti talablariga to‘liq muvofiqligi tasdiqlandi.
Yurtimizda davlat ishtirokidagi yirik sanoat korxonalarida zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda xalqaro standartlar asosida samarali boshqaruv tizimini shakllantirish davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatimiz sanoat tarmoqlarida xalqaro e’tirofga sazovor natijalarni bermoqda. ISO 37301:2021 “Komplayens-menejment tizimi” xalqaro standartining tasdiqlanishi korxonada qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etish, halollik tamoyillarini mustahkamlash, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va korrupsiya xavflarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasidir.

ISO 37301:2021 “Komplayens-menejment tizimi” xalqaro standartining joriy etilishi xodimlar o‘rtasida halollik va mas’uliyat madaniyatini yanada yuksaltirish, huquqbuzarliklar xavfini kamaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda boshqaruv jarayonlarining ochiq va samarali tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u kombinatning xalqaro nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda ham muhim omil hisoblanadi.
Standartni joriy etish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ko‘rsatilgan metodologik ko‘mak alohida e’tirof etildi.

Sertifikat “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulovga topshirildi.
Tadbirda Agentlik direktorining o‘rinbosari Umida To‘xtasheva videokonferensaloqa orqali ishtirok etib, kombinat jamoasini ushbu muhim yutuq bilan tabrikladi va komplayens tizimini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri