Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodiga oid xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi hamkorligida «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – turkiy dunyo ma’naviy hayotida» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Anjuman buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligi hamda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Bugungi kunda ikki buyuk mutafakkirning boy adabiy merosini chuqur o‘rganish, ular ijodidagi mushtarak jihatlar va o‘ziga xos xususiyatlarni qiyosiy tahlil qilish, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimdir. Ushbu anjuman ham ayni maqsadni ko‘zlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbirda yurtimiz olimlari bilan birga ozarbayjonlik olimlar, adabiyotshunoslar hamda davlat arboblari ishtirok etib, ma’ruzalar qildilar. Anjuman davomida Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodining Sharq mumtoz adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni, ikki mutafakkirning adabiy-falsafiy qarashlari, insonparvarlik g‘oyalari va badiiy tafakkuri, shuningdek, ularning ijodiy merosidagi uyg‘un jihatlar haqida batafsil so‘z yuritildi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Akif Marifli Nizomiy Ganjaviyning boy adabiy-falsafiy merosi, uning Sharq va turkiy dunyo adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida to‘xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, Nizomiy Ganjaviy asos solgan yuksak adabiy an’analar keyingi asrlarda Imodiddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy va Alisher Navoiy kabi buyuk so‘z san’atkorlari ijodida munosib davom ettirilib, turkiy xalqlarning adabiy va madaniy merosi yanada boyishiga xizmat qilgan.
Akif Marifli, shuningdek, mazkur mushtarak adabiy-ma’naviy meros O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtirib turuvchi azaliy do‘stlik, yaqinlik va ko‘p asrlik tarixiy-madaniy rishtalarning yorqin ifodasi ekanini alohida qayd etdi.


U O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlar va mustahkam qardoshlik an’analariga tayanishini ta’kidlab, bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning siyosiy irodasi hamda mushtarak sa’y-harakatlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Ayni paytda ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik va abadiy do‘stlik ruhida izchil rivojlanib bormoqda.
Xalqaro ilmiy konferensiya ikki buyuk mutafakkir ijodini qiyosiy o‘rganish, O‘zbekiston va Ozarbayjon olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Anjuman yana bir bor Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy kabi buyuk so‘z san’atkorlarining ijodiy merosi xalqlar va avlodlarni birlashtiruvchi, madaniy muloqotni boyituvchi bebaho ma’naviy xazina ekanini namoyon etdi.
N.Usmonova,
O‘zA