“NILIY GUMBAZLARI KOʻK ICHIDA KOʻK...”
Gʻafur Gʻulomning Samarqand dorulfununiga bagʻishlangan “Samarqand uchun” sheʼri 1948-yilda yozilgan.
Samarqand davlat universitetining 600-yilligi oldidan
Tarixiylik va falsafiylik akademik shoir Gʻafur Gʻulom poetik uslubining muhim qirralarini belgilashi – adabiyotshunoslikda oʻz tasdigʻini topgan ilmiy haqiqat. Chindan ham shoir qaysi mavzuda sheʼr yozmasin albatta, tarixdan bir-ikki misol keltirib, masalaning mohiyatiga donishmandona falsafiy munosabatda boʻladi. Har bir sheʼrida shoirning bugungi hayot toʻgʻrisidagi poetik mushohadalari tarixiy saboqlar va xulosalar hamda faylasufona dunyoqarash bilan sintezlashib, tabiiy quyma satrlarga aylanadi.
Gʻafur Gʻulomning Samarqand dorulfununiga bagʻishlangan “Samarqand uchun” sheʼri 1948-yilda yozilgan.
Niliy gumbazlari koʻk ichida koʻk,
Lojuvard osmonda chinniy kabutar.
Samarqand sayqali roʻyi zamin ast,
Sharqning koʻrki boʻlgan tarixiy shahar.
Shoirning tarixchidan muhim farqi shundaki, u tarixiy haqiqatni oʻz badiiy haqiqati bilan tasdiq etadi. Eʼtibor berilsa, har bir soʻz, jumla, ishora oʻzining ramzi, sifati, qiyosi, rang va tarovatiga ega. “Gumbaz” shunchaki “gumbaz” emas, “niliy gumbaz”, “osmon” ham har galgidan farqli ravishda “lojuvard osmon”, “kabutar” ham qoʻlga oʻrgatilgan xonaki emas, “chinniy kabutar” va ayni paytda bu sifatlar dunyoning, fayzu barakaning, tinchlikning ramzlari ham boʻlib keladi. Satrlar bir-biriga mantiqan mustahkam bogʻlanib, muayyan poetik manzarani yuzaga keltiradi.
Sheʼrning ikkinchi bandida xalqning oʻtmishi, boshidan kechirgan jabru jafolari toʻgʻrisida soʻz ketadi:
Manglaying bir ajin kasb etolguncha,
Minglab jafolarni kechirdi boshing.
“Zijji Koʻragoniy” sekundlarida,
Koʻp karra tutildi koʻkda quyoshing.
Samarqand dorulfununiga atab yozilgan sheʼrning ikkinchi bandida shoir xalqning ming yillik jabru jafolari tarixidan soʻz boshlab nega gapni Ulugʻbekning “Zijji Koʻragoniy” jadvallariga taqayapti? Shoirning talqiniga koʻra, manglayda ajinning paydo boʻlishi oʻtayotgan yillarning emas, balki u boshdan kechirgan koʻrguliklarning alomati. Yunon, arab, moʻgʻul bosqinlaridan soʻng har gal obod va farovon yurt xarobaga aylangan, moddiy va maʼnaviy boyliklar talon-toroj qilingan.
Maʼlumki, 140-yillik moʻgʻul bosqinidan soʻng Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishi Movarounnahrda markazlashgan yagona davlat barpo etilishiga asos boʻldi. Mamlakatda osoyishtalik oʻrnatilishi, siyosiy-iqtisodiy sohaning barqarorlashuvi madaniy hayotda ham ijobiy oʻzgarishlar boʻlishiga olib keldi.
Bu davrda Samarqand Sharq va Gʻarbda madaniyat jihatidan ravnaq topgan, madrasalari, ilmu ulamolari, bozorlaru bogʻ-rogʻlari bilan dong taratgan maʼnaviy markazga aylandi. Xususan, “Zijji Koʻragoniy”ning yaratilishi jahon ilmida olamshumul voqea boʻldi. Unda Mirzo Ulugʻbek 1018 ta sobita yulduzning oʻrni va holatini aniqlab beradi. Ilmi nujum masalalariga bagʻishlangan bu asarda, shuningdek, Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari haqida bahs yuritiladi.
Shoirning talqinicha, “Zijji Koʻragoniy” nafaqat osmon ilmining, balki xalq boshidan kechirgan uzoq asrlik mashaqqat va sitamlarning soniyama-soniya qayd etilgan solnomasidir.
Ulugʻbek bir vaqtning oʻzida Samarqand, Buxoro, Gʻijduvonda uchta madrasa barpo etadi. Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417-yilda boshlanib, 1420-yilda nihoyasiga yetkaziladi. Ulugʻbek rahnamoligida bu madrasaga Movarounnahr va Xurosondan yuzlab oʻz davrida nom taratgan astranomiya va matematika bilimdonlari, adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, meʼmorlar jalb etiladi. Bu moʻgʻul istilosi davrida tanazzulga yuz tutgan Renesansning qayta uygʻonishi edi.
Ishqu vafolarning “Xamsa”sin yozgan
Jomiy, Navoiyning asriy nidosi,
Hali gumbazidan gʻoʻngʻirlab kelur,
Olimlar bahsining aksu sadosi.
“Gʻafur Gʻulomning poetik tilidagi qisqalik sermazmun qisqalikdir, – deb yozadi professor Nuriddin Shukurov. – Shoir sheʼriy satrlarida oʻz fikrlarini shunday bayon etadiki, natijada uning bevosita aytgan gaplarini tushunish bilan birga, choʻziqlikdan qochib aytmagan fikrlarini ham shunday anglab olish mumkin”. Chindan ham ushbu satrlarda shoir Jomiy va Navoiyning “asriy nidolari” boʻlgan “Xamsa”larini eslab oʻtadi. Biroq bu Gʻafur Gʻulom aytmoqchi boʻlgan fikrning muqaddimasi, hammasi emas. Chunki u aytilmagan boshqa gaplarini anglab olish uchun kitobxonning tarixiy xotirasiga tayanadi, yaʼni oʻquvchining tarixiy xabardorligini nazarda tutadi.
Gap shundaki, Abdurahmon Jomiy Hirot madrasasida tahsil olayotganida ustozlari unga boshqa narsa oʻrgata olmasliklarini aytishadi va Samarqandga borib tahsilni davom ettirishni maslahat berishadi. Aʼloxon Afsahzodning “Jomiy – adib va mutaffakir” risolasida keltirilishicha, Jomiy Samarqandga uch marta keladi, avval taʼlim olish uchun, soʻng ikki bor Xoʻja Ahror bilan suhbatlashish maqsadida. Xoʻja Ahror ham Hirotga borganda, Abdurahmon Jomiyning uyida bir muddat yashaydi. Tasavvuf taʼlimotining bu buyuk ikki dahosining uchrashuvi mavlono Jaloliddin Rumiy va Shams Tabriziyning tarixiy uchrashuvlarini esga soladi.
Hazrat Abdurahmon Jomiy ham, Navoiy ham Samarqand madrasasida tahsil olganlar. Koʻrinib turibdiki, Gʻafur Gʻulom har bir misrani tarixiy haqiqat bilan tasdiqlab boradi. Niliy gumbazlardan olimlar bahsining aksu-sadosini eshitgandek boʻladi.
Ulugʻbek yulduzlar sirin fosh etib,
Soʻnik sham oldida taqdim etdi bosh.
Maʼrifat oftobi oʻchmakni bilmas,
Toptalmas tuproqqa tushganda quyosh.
Gʻafur Gʻulom ushbu sheʼrda Ulugʻbek nomini ikki bor tilga oladi. Shoir uchun Ulugʻbek Sharq maʼrifati va donishmandligining timsoli. Bu timsol orqali Ulugʻbekning hukmdorligi, olimligi, madrasasi, bu madrasada ilmiy bahsu munozaralar olib borgan Taftazoniy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Mavlona Ahmad, Muhammad Havafiy, Ali Qushchilar anglashiladi. Jomiy va Navoiyni Samarqandaga yetaklagan tuygʻu ham ana shu timsol edi.
Oʻz davlat tugʻroli, hur Oʻzbekiston,
Mazlum Sharq xalqiga boʻlaolur koʻzgu.
Yasha, ey xalqimning dorulfununi,
Ilmu fan manbai barhayot OʻzGU.
Samarqand davlat universiteti 1961-yilgacha Oʻzbekiston davlat universiteti (OʻzGU) atab kelingan. Darhaqiqat, Ulugʻbek 1420-yilda tamal toshini qoʻygan madrasa, shoir aytganidek, bugun SamDU timsolida oʻzining barhayot anʼanalarini davom ettirmoqda.
Oliy madrasa bilan universitet orasida vorisiylik avlodlar oʻrtasidagi robita va uzviylikning ajoyib va tipik namunasidir. Yevropa oliygohlari tarixiga nazar solsak, ular ham avval diniy muassasa sifatida tashkil topib, keyinchalik dunyoviy universitetlarga aylantirilgan. Ulugʻbek asos solgan oliy madrasaning u diniy muassasalardan ustunligi shundaki, bunda ham diniy, ham dunyoviy bilimlar birdek oʻqitilgan. Shu bois Gʻafur Gʻulom qalbidagi milliy gʻurur, milliy iftixor tuygʻusi quyidagi haroratli va hayotiy satrlarga koʻchadi:
Vatanga – jamoli jahon oroni
Berguvchi farzandlar beshigi bu yer,
Sharqqa maʼrifatning aniq yuzini
Beniqob koʻrsatgan eshigi bu yer.
Vatanimizda ilk madrasalar IX asrda qurilgan. Bu anʼana keyingi yuz yilliklarda ham davom etgan. Ularda ilk uygʻonish davrining bir qator namoyondalari yetishib chiqqan. Biroq bu madrasalarning hech birida yirik ilmiy maktablar paydo boʻlmagan edi. Ulugʻbek madrasasidek yorqin porlamagan edi, uzoq asrlar davomida anʼanalarining bardavomiyligini saqlab qololmagan edi.
Otalar odobin tutib nazarda,
Keltirdim doʻstlarga atab guldasta,
Chunki Samarqand bu OʻzGU demakdir,
Shoirning joni ham unga payvasta.
Mazkur sheʼrning yozilganiga 70 yildan ziyod vaqt oʻtdi. Shoʻro siyosati va mafkurasi gullab-yashnagan bir paytda, oʻzbek xalqi oktyabr inqilobigacha gʻirt savodsiz edi, degan gʻoya hukm surgan bir zamonda bunday poetik mazmunni ifoda etishning oʻzi bir jasorat va karomatgoʻylik edi.
Eng muhimi shundaki, Gʻafur Gʻulom nafaqat bu sheʼrida, balki “Oʻttiz yoshli OʻzGUga”, “Sevsam sevibmanda” kabi asarlarida ham Samarqand universitetiga Ulugʻbek madrsalarining vorisi, Samarqand timsoli sifatida qaraydi va tarixiy haqiqatni betakror gʻafurona uslubda badiiylashtiradi.
Oʻz vaqtida Gʻafur Gʻulom orzu qilgan, sheʼrlarida ilgari surgan badiiy gʻoya, poetik mazmun bugun real haqiqatga aylanmoqda. Universitet rektori Rustam Xalmuradovning “Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi renesans davri boshlanmoqda" maqolasida Samarqand davlat universiteti Ulugʻbek madrasasining haqqoniy vorisi ekanligi har tomonlama asoslab berildi. Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining SamDUning 600-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarori yurtdoshlarimizning qalbini gʻururu iftixorga toʻldirdi. Gʻafur Gʻulom aytgandek:
Bugun sabza boʻldi kechagi nafas,
Hozir qonda kezar ertagi umid.
Shavkat HASANOV,
Samarqand davlat universiteti professori