Nikolas Maduro prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi
Venesuelaning amaldagi yetakchisi Nikolas Maduro prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. Bu haqda mamlakat Milliy saylov kengashi raisi Elvis Amoroso ovoz berish jarayonidan so‘ng bayonot berdi.
Ovozlarning 80 foizi sanab chiqilgach, Maduroni 5 150 092 nafar fuqaro yoki saylovchilarning 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagani ma’lum bo‘ldi. 4 445 978 ovoz (44,2 foiz) Maduroning asosiy raqibi, o‘ng partiyalardan nomzod Edmundo Gonsalesga berilgan. Qolgan 4,6 foiz sakkiz nafar nomzod orasida taqsimlangan.
– Muxolifat ovoz berish jarayonida qonunbuzarlik sodir etilganini da’vo qilib, natijaga e’tiroz bildirishni rejalashtirmoqda, – deyilgan “Reuters” agentligi xabarida.
Muxolifat faollari fikricha, saylov qutilarining atigi 30 foizidagi ovoz qayd etilgan, saylov organi uchastkalar ma’lumotini darhol e’lon qilmagan. Darvoqe, tadbirdan oldingi ko‘plab so‘rovnomalar muxolifat saylovda g‘alaba qozonishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Argentina yetakchisi Xaver Miley mamlakati Nikolas Maduroning g‘alabasini tan olmasligini bildirdi. Chili Tashqi ishlar vazirligi Venesueladagi prezidentlik saylovi natijasini xalqaro kuzatuvchilar baho bermaguncha e’tirof etmasligini ma’lum qildi.