Niderlandiyalik bilan durang o‘ynagan Abdusattorov bugun chexiyalik shaxmatchiga qarshi dona suradi
Chexiyada davom etayotgan “Prague International Chess Festival 2026” turniri o‘zining yuqori nuqtasiga yaqinlashgani sayin qarama-qarshilikdagi bahslar ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan yuqori bosim holatida kechmoqda.
Kecha poyoniga yetgan 7-tur musobaqasidagi Nodirbek Abdusattorov va "Masters" guruhida yetakchilik qilayotgan niderlandiyalik Jorden van Forest o‘rtasidagi o‘yin ham ayni ko‘rinishdan holi bo‘lmadi.
Oq donalarda harakatlangan hamyurtimiz Abdusattorov ilk yurishlarda raqibidan ustunligini namoyish etdi. Biroq ma’lum bir vaziyatlardagi noaniq harakatlar natijasida Niderlandiya vakili Nodirbekning “qopqonidan” chiqib ketish bilan birga pozitsiyasini yaxshilashga ham muvaffaq bo‘ldi. Bu, 44-yurish holatida tomonlarning murosa yo‘lini tanlashini ko‘rsatdi.

Ushbu turda hindistonlik Aravindx Chitxambaramga qarshi qora donalarda o‘yin olib borgan Nodirbek Yoqubboyev raqibiga munosib qarshilik ko‘rsata oldi va 43-yurish vaziyatida boshlangan takroriy dona surish natijasida g‘alabaga teng durangga erishdi.
Bugun, 5-mart kuni o‘tkaziladigan 8-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda chexiyalik David Navara qarshiligini yengishga harakat qiladi. Yoqubboyev bo‘lsa oq donalarda eronlik Parxam Magsudlu bilan kuch sinashadi.

Yakunlanishiga bitta tur qolgan turnir jadvalida hozirda Jorden van Forest 5 ochko bilan peshqadamilik qilmoqda. Abdusattorov va Navara 4,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirning so‘nggi 9-turida Abdusattorov oq donalarda AQSH vakili Xans Nimannga, Yoqubboyev esa qora donalarda germaniyalik Vinsent Keymerga ro‘baro‘ keladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA