Niderlandiyadan naslli mollar olib kelinmoqda
Tadbirkorlar allaqachon chet eldan zotdor mollarni olib kelishni boshlab yubordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2019-2021-yillarda Ohangaron tumanida 17 ta qoramolchilik, 13 ta qoʻy-echkichilik kompleksini barpo etish koʻzda tutilgan. Ayni damda mazkur komplekslarni qurish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirkorlar allaqachon chet eldan zotdor mollarni olib kelishni boshlab yubordi. Xususan, qoramolchilikka ixtisoslashgan “Qurama qorabayirlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Niderlandiyadan 61 bosh “Angus” zotli naslli qoramol olib kelindi. Shuningdek, avgust oyining oxiriga qadar chet eldan yana 429 bosh zotdor mol olinadi.
– Loyihamizning umumiy qiymati 41 milliard 580 million soʻm boʻlib, qoramolchilikka asoslangan, – deydi MCHJ rahbari Toshpoʻlat Matkarimov. – Hozir chorvachilik kompleksida qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Bu yerda chorva mollarini boqish bilan birga, ishlab chiqarish korxonalari ham barpo etiladi. Yiliga 9 ming tonna sut, 86 tonna goʻsht yetishtirishni moʻljallaganmiz.
Mazkur kompleks faoliyati uchun tuman zaxira yerlaridan 320 gektar suvli, 880 gektar yaylov va 208 gektar lalmi maydonlar ajratib berildi. 6 gektar maydonda esa kompleks obyektlari qurilmoqda. Ayni paytda qurilish ishlari 30 foizga bajarilgan. Hozirgi kunda 40 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlib, loyiha toʻliq ishga tushgach, ularning soni 80 tadan ortadi.
Loyiha mutasaddilari naslli qoramollar sonini yil oxiriga qadar ming boshga yetkazishni maqsad qilgan.