Nega zaytun yog‘ining narxi baland?
Mamlakatimiz aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan yillik talabi 475 ming tonnani tashkil etgani holda yog‘-moy korxonalari tomonidan yiliga 259 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarilmoqda.
Respublika aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan talabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 55 foizga ta’minlanib, ichki bozor ehtiyojining 45 foizi import hisobiga qoplanmoqda. Shu bois hozirgi kunda barcha hududlarda moyli ekinlar turlarini yetishtirish hajmini keskin oshirish, uni yetishtirishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash ehtiyoji yuzaga keldi. Bunda yer va suv resurslarining cheklanganligini inobatga olgan holda mavjud yer maydoni va suv resurslaridan samarali foydalanish choralarini ko‘rish talab etilmoqda.
Aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan o‘simlik moyi bilan ta’minlash, import hajmini keskin qisqartirish maqsadida kungaboqar, soya, masxar, raps, kunjut va zig‘ir ekiladigan maydonlar hajmini oshirish bilan bir qatorda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda zaytun o‘simligini plantatsiya usulida yetishtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Joriy yilda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektar, shu jumladan, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Muzraobod va Uzun tumanlarining har birida 100 gektar, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo, Bandixon tumanlarining har birida 50 gektar, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 30 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etiladi. Ushbu hududlarga 10 darajagacha bo‘lgan sovuqqa chidamli Arbusano (Italiya), Arbikino (Italiya), Manzaniya va Kolores (Ispaniya) hamda Gemlik (Turkiya) navli 465 ming tup zaytun ko‘chatlari o‘tqazilishi ko‘zda tutilmoqda.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zaytunzorlar barpo etuvchi tashabbuskorlarga tijorat banklari tomonidan 7 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratilishi hamda tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etish uchun 3,2 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar beriladi.
Chunki zaytun mevasidan olingan moy o‘zining shifobaxshligi bilan boshqa moylardan ajralib turadi. Shuning uchun ham bu mahsulotning narxi baland. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zaytun moyini me’yorda iste’mol qilish sog‘liq uchun juda foydali hisoblanadi. Negaki, zaytun mevasi tarkibida omega-3 va omega-6 kabi 14 foiz to‘yingan va 11 foiz monoto‘yinmagan yog‘ mavjud. Eng muhimi, mevada monoto‘yinmagan oleyk kislotasi mavjud bo‘lib, u meva tarkibining umumiy 73 foizini tashkil qiladi.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, zaytun yog‘i yallig‘lanishni kamaytiradi va saraton kasalligining oldini oladi. Bundan tashqari, monoto‘yinmagan yog‘ yuqori haroratga chidamli bo‘lib, qovurilganda ham foydaliligini yo‘qotmaydi.
- Qo‘shimchalarsiz toza zaytun moyi juda to‘yimli hisoblanadi, – deydi oshqozon va ichak kasalliklari bo‘yicha mutaxassis shifokor Ochil Elmurodov. - Uning tarkibida muhim yog‘ kislotalaridan tashqari, K va E vitaminlari, shuningdek, surunkali kasallik xavfini kamaytiradigan kuchli antioksidantlar mavjud. Ular yallig‘lanish bilan kurashadi va qondagi xolesterol oksidlanishidan himoya qiladi, bu esa yurak xastaligining oldini olishga yordam beradi. Tanadagi surunkali yallig‘lanish diabet, artrit va Alsgeymer kasalligiga olib kelishi mumkin. Zaytun moyi oleokantal tufayli yallig‘lanishni kamaytirishga yordam beradi. Oleokantal – ibuprofen kabi ishlaydigan antioksidantdir. 50 gramm yog‘ning ta’siri kattalar uchun ibuprofenning o‘n foiz dozasiga teng ekanligi amalda tasdiqlangan.
Olimlarning fikriga ko‘ra, zaytun moyi qondagi shakar miqdoriga va insulin sezgirligiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. 418 kishida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, O‘rta Yer dengizi parhezi 2-toifa diabet rivojlanish xavfini 40 foizdan ko‘proqqa kamaytirgan. Buning uchun qolgan elementlar – oqsil va uglevodlar balansi ham hisobga olinishi kerak.
Vazn tashlamoqchi bo‘lganlar ratsionda yog‘ miqdori qat’iy cheklangan bo‘lishi lozim. Shunga qaramay, olimlar va ovqatlanish mutaxassislari zaytun moyiga boy O‘rta Yer dengizi parhezini sog‘liq uchun eng foydali va samarali hisoblaydi. 30 oy davom etgan tajribada har kuni 7 mingga yaqin ispaniyalik kollej talabalari ovqatiga zaytun moyi qo‘shib berilgan. Natijada ular nafaqat ortiqcha vazn to‘plashmagan, balki ba’zilari ozgan ham.
Rivojlangan mamlakatlarda insult yurak yetishmovchiligi kasalligidan keyingi o‘rinda turuvchi o‘lim holatlarining ikkinchi sababi hisoblanadi. 841 ming kishi ishtirok etgan 32 ta tadqiqot natijasiga ko‘ra, olimlar zaytun moyi kasallikning rivojlanish xavfini kamaytiradigan monoto‘yinmagan yog‘larning yagona manbai, degan xulosaga kelgan.
Zaytun moyi zararli bakteriyalar, shu jumladan, oshqozon yarasining keng tarqalgan sababchisini ham yo‘q qiladi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, zaytun moyi bakteriyaning sakkiz turiga qarshi kurashadi, ularning uchtasi antibiotiklarga chidamli bakteriyalardir. Olimlar infeksiyaga qarshi kurashish uchun har kuni 30 gramm zaytun moyi iste’mol qilishni maslahat beradi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, bir gektar shartli sug‘oriladigan maydonga zig‘ir yetishtirilganda o‘rtacha 10-12 sentnerdan hosil olinadi va undan 300-360 litr, bir gektar maydonga kunjut ekilganda 1,2-1,5 tonna xomashyo yetishtirilib, 500-600 litr moy olish mumkin.
Zaytun ekilgan bir gektar maydonda 350-400 tup daraxt bo‘lib, har bir daraxtdan 50-70 kilogramm, jami 2,4-2,8 tonna meva yig‘ib olinadi, undan 1,5-1,7 tonna zaytun moyi olinadi. Zaytun 500 yildan 4000 yilgacha yashaydigan, uzoq yashovchi va sekin o‘suvchi subtropik daraxt hisoblanadi. Uning balandligi 10-12 metrdan oshmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA