“Neftchi” yaqqol peshqadam, amaldagi chempion esa...
Xabaringiz bor, o‘tgan haftaning so‘nggi kunlari O‘zbekiston Superligasi bahslarining 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur turdan so‘ng chempionatda to‘purarlar ro‘yxati va musobaqa jadvali o‘z o‘rniga tushib oldi. Shuningdek, 3-turda bir qator kutilgan va kutilmagan natijalar qayd etildi. Jumladan, “Paxtakor” kutilmaganda “Lokomotiv”ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, “Navbahor” ketma-ket ikki bellashuvda ochko yo‘qotdi. “Neftchi” esa uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Superliga 3-turidan o‘rin olgan so‘nggi ikki uchrashuv ham shiddatli bahslarga boy o‘tdi. Unda “OKMK” – “Dinamo”ni 3:1 hisobida yenggan bo‘lsa, “Bunyodkor” – “Navbahor” bilan 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi. Bu durang “Bunyodkor” uchun yagona ochko keltirdi.

Shu tariqa, mazkur turdan so‘ng musobaqa to‘purarlari ro‘yxati ham shakllandi. Jumladan, “Navbahor” hujumchisi Toma Tabatadze 5 ta gol bilan to‘purarlar jadvalini boshqarib bormoqda. Sardor Rahmonov, Damyan Kraishnik, Dragan Cheran, Dilshod Komilov, Efiong, George Kuxinadze, Mirjahon Mirahmadov, Akaki Shulaya va Joel Kojo kabi futbolchilar ikkitadan gol urishga muyassar bo‘lgan.

Superliganing 3-turi yakuniga ko‘ra, “Neftchi” 6 ochko bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, “Andijon”, “Lokomotiv” va “Nasaf” 7 ochko jamg‘argan holda keyingi pog‘onalarda bormoqda. “Qizilqum” klubi 6 ochko bilan 5-o‘rindan joy olgan. “OKMK” va “Navbahor” 5 ochko jamg‘argan holda 6-7 pog‘onadan o‘rin egalladi. Amaldagi chempion “Paxtakor” esa 8- o‘rinda 4 ochko jamg‘argan holda joylashgan. “So‘g‘diyona”, “Metallurg” 2 ochko bilan, “Olimpik” va “Bunyodkor” esa 1 ochko bilan 12 talikka kirdi. “Surxon” va “Dinamo” birorta ham ochko to‘play olmasdan quyi pog‘onada bormoqda.

4-tur bahslari 28-31-mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Superliga klublari FIFA kunlarida bir qator futbolchilarini terma jamoa safiga qo‘yib yuboradi. Aniqrog‘i, terma jamoamiz murabbiyi Srechko Katanes milliy chempionatimiz klublarida 10 nafar futbolchini chaqirib oldi. Ular orasida eng ko‘p futbolchi “Navbahor” jamoasidan. “Lochin”lardan 4 ta, “Nasaf”dan 3 ta, “Neftchi”, “OKMK” va “Paxtakor”dan esa 1 tadan futbolchi O‘zbekiston terma jamoasi ixtiyoriga borib qo‘shiladi.
Sharhimiz davomida Yevropa futboli haqida ayrim xabarlarga e’tiboringizni qaratamiz. Xabaringiz bor, Ispaniya La Ligasining 29-turida “Barselona” “Atletiko” maydoniga safar qilib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur g‘alabadan so‘ng “Barselona” turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, “Atletiko” 5-o‘ringa tushib ketdi.
Ma’lumot uchun, La Ligada Madridning “Real” klubi 72 ochko to‘plagan holda birinchi pog‘onada bormoqda.
Fransiya chempionatining 26-turida “Monpele” o‘z maydonida “PSJ”ga 2:6 hisobida yengildi. O‘yinda Mbappe xet-trikka erishgan bo‘lsa, Vitinya, Mendesh va Li bittadan gol urdi. Shuningdek, Savaner dubli bilan javob qaytardi.
Ahamiyatlisi, Parij grandi mazkur 3 ochko evaziga o‘zining mag‘lubiyatsiz seriyasini 24 ta o‘yinga yetkazib qo‘ydi. Kilian Mbappe sheriklari noyabr oyidan beri o‘tkazilgan 24 bahsning 17 tasida zafar quchgan bo‘lsa, yana 7 bellashuv durang natija bilan yakun topgan. Luis Enrike shogirdlari oxirgi bor Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida “Milan”ga 1:2 hisobida yutqazgan.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda “PSJ” 59 ochko bilan Liga 1 turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilyapti. Asosiy ta’qibchisi “Brest” bilan oradagi farq 12 ochkoni tashkil etadi. Yana bir ma’lumot, Parij klubi Chempionlar ligasi chorak final bosqichida Ispaniyaning “Barselona” jamoasi bilan kuch sinashadi.
“Liverpul” forvardi Muhammad Salah Yevropa ligasi nimchorak finali doirasida “Sparta” bilan bo‘lgan bahsda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, joriy mavsumda urgan gollari sonini yigirmataga yetkazib oldi.

Shu tariqa, Muhammad Salah “Liverpul” tarixida ketma-ket yetti mavsumdan beri 20 ta va undan ortiq gol urayotgan birinchi futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi. Bundan tashqari misrlik forvard Angliya kubogi chorak finali doirasida “Manchester Yunayted” darvozasini ham ishg‘ol qildi.
Angliya kubogining chorak finalidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z nihoyasiga yetdi va yarim finalga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, “Koventri” – “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” – “Chelsi” jamoalari final yo‘llanmasi uchun o‘zaro raqobatlashadi.
Ma’lumki, futbolda nafaqat klublar balki, ularning ishqibozlari o‘rtasida ham murosasiz bahslar bo‘lib o‘tadi. Ayrim bahslar hatto mushtlashuvga ham aylanadi.
Ana shunday mushtlashuvlardan biri Turkiya Superligasining 30-turi doirasida “Trabzonspor” o‘z maydonida “Fenerbaxche”ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lganida sodir bo‘ldi. Biroq unda muxlislar bir-birlari bilan emas, balki futbolchilar bilan mushtlashdi. Aniqrog‘i, o‘yin yakunlanganidan so‘ng maydonda mezbon muxlislar hamda mehmon futbolchilar o‘rtasida yirik mushtlashuv sodir bo‘lgan. G‘alabani nishonlayotgan “Fenerbaxche” futbolchilari maydon egalariga ma’qul kelmagan va ularni tomoshabinlar burchak bayrog‘i bilan savalashga tushib ketgan.
Vaziyatga istanbulliklar legioneri Fred ham aralashgan va u ishqibozlar bilan mushtlashgan. So‘ng mehmonlar xavfsizlik xodimlari va politsiya vakillari yordamida maydonni tark etishgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA