Nazorat xaridlari davomida armatura mahsulotida standart talablariga nomuvofiqlik aniqlandi
Har qanday qurilish ishida sifatli materiallar va quruvchining mahorati ob’ektning mustahkam hamda uzoq muddat xizmat qilishida muhim o‘rin tutadi. Afsuski, bozorda taklif etilayotgan barcha qurilish materiallari ham doimo yuqori sifat va ishonchlilikni kafolatlay olmaydi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax viloyati bo‘limi mutaxassislari tomonidan savdo nuqtalarida o‘tkazilgan nazorat xaridi davomida sifatsiz qurilish armaturalari sotilayotgani aniqlandi.
Inspeksiya xodimlari bozordagi haqiqiy holatni o‘rganish uchun savdo nuqtalarida nazorat xaridini amalga oshirdi. Tekshiruv davomida mamlakatimizdagi "JMZ" korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan, diametri 12 millimetr bo‘lgan A400 rusumli armaturalardan namunalar olinib, laboratoriya ekspertizasiga topshirildi.
Laboratoriya sinovlarida esa natijalar qoniqarli chiqmadi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qurilish materiali standartda belgilangan eng muhim talablarga ham javob bermaydi. Xususan, armaturaning mustahkamlik chegarasi, beton bilan yopishishini ta’minlovchi qovurg‘alarining ezilish yuzasi, kesim yuzasi hamda bir metr uzunlikdagi vazni belgilangan me’yorlardan past bo‘lib chiqdi. Bu esa metallning belgilangan qalinlik va og‘irlikda emasligini anglatadi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday mahsulotlarni sotish mamlakatimizning “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni talablariga zid keladi. Eng asosiysi, sifatsiz armaturadan foydalanish kelajakda quriladigan bino va inshootlarning mustahkamligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin.
Hozirda aniqlangan qonunbuzilish holatini bartaraf etish maqsadida savdo do‘koniga ushbu armaturalarni zudlik bilan savdodan chiqarish va belgilangan tartibda yo‘q qilish bo‘yicha rasmiy taqdimnoma kiritildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA