Nazm yo‘nalishidagi uchinchi jild nashr etildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tashabbusi, viloyat hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Jizzax adiblari” kitobining nazm yo‘nalishiga bag‘ishlangan uchinchi jildi nashr etildi.
Ushbu to‘plam Jizzax vohasining ko‘p asrlik adabiy merosi va zamonaviy ijodiy jarayonni o‘zaro uyg‘un holda namoyon etgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

“Ijod nashr” nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan kitob Jizzax zaminida shakllangan adabiy muhitning izchilligi va davomiyligini yaqqol ko‘rsatadi. To‘plamdan joy olgan asarlar orqali o‘quvchi voha adabiyotining ildizlari, tarixi va bugungi rivoj yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Kitobga XVI asrda yashab ijod qilgan Qozi Poyanda Zominiy – qozi, shoir va adabiyotshunos olimning, shuningdek, XIX asr adabiyoti namoyandalari Maxmur Koriziy, Alamkash, Muazzamxon kabi adiblarning sara ijod namunalari kiritilgan. Ularning asarlari orqali o‘sha davr ruhi, ijtimoiy tafakkuri va badiiy qarashlari namoyon bo‘lgan.

Shu bilan birga, to‘plamda bugungi kunda faol ijod qilayotgan jizzaxlik yosh qalamkashlar haqida qisqacha ma’lumotlar hamda ularning she’r va asarlaridan sara namunalar jamlangan. Bu esa voha adabiy muhitining uzluksizligini ta’minlash, avlodlar o‘rtasida ijodiy vorisiylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati bo‘limida mazkur kitobning ilk taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar va adabiyot muxlislari Jizzax adabiy muhitining o‘ziga xos jihatlari, to‘plamning mazmun-mohiyati hamda uning hududiy adabiy jarayondagi o‘rni haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirishdi.
“Jizzax adiblari” kitobining uchinchi jildi voha adabiy merosini asrab-avaylash, iqtidorli yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va adabiy jarayonni tizimli tarzda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim ma’naviy qadam sifatida ahamiyat kasb etadi. Ushbu to‘plam nafaqat adabiyot muxlislari, balki keng jamoatchilik uchun ham qimmatli ma’naviy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri