Nazariya va amaliyotni birlashtirgan samarali shakl
Bugungi kunda ta’lim tizimida zamonaviy, amaliyotga yo‘naltirilgan va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, pedagog kadrlarni tayyorlash jarayonida nazariy bilim bilan bir qatorda, bevosita amaliy faoliyat davomida zarur ko‘nikma va kompetensiyalarni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida dual ta’lim shaklining samarali yo‘lga qo‘yilishi ta’lim jarayonini amaliyot bilan yanada yaqinlashtirish, bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

2026-2027 o‘quv yilidan boshlab institutda bakalavriatning maktabgacha ta’lim yo‘nalishida dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yildi va unga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli 400 nafardan ortiq pedagog kadr qabul qilindi.

Dual ta’limning asosiy jihati shundaki, ta’lim oluvchi oliy ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni egallash bilan birga, o‘z kasbiy faoliyatini amaliyot bilan uyg‘un holda davom ettiradi. Bu esa o‘qish jarayonida olingan bilimlarni real ish sharoitida sinab ko‘rish, mustahkamlash va takomillashtirish imkonini beradi. Ya’ni, an’anaviy ta’limda talaba avval nazariy bilimlarni egallab, keyin amaliyot jarayonida ularni qo‘llashga harakat qilsa, dual ta’limda bu ikki jarayon birgalikda olib boriladi.

Bunday yondashuv pedagogika sohasida, ayniqsa, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida muhim ahamiyatga ega. Chunki pedagogning kasbiy mahorati faqat nazariy bilimlar bilan emas, balki bolalar bilan ishlash, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, zamonaviy pedagogik metodlardan foydalanish kabi amaliy ko‘nikmalar bilan ham belgilanadi.
Institutda dual ta’limni tashkil etish tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda, izchil va tizimli ravishda amalga oshirildi. O‘quv jarayoni “5+1” dasturi asosida (5 kun ish va 1 kun o‘qish) hududiy jihatdan qulay bo‘lishi uchun shahar va tumanlar kesimida – Nukus shahri, Chimboy, Qo‘ng‘irot, Ellikqal’a tumanlaridagi tayanch maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida markazlashgan tartibda tashkil etildi.

Bu esa hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning o‘z ish joyidan uzoqlashmagan holda oliy ma’lumot olishi, nazariy bilimlarini amaliy faoliyati bilan bevosita bog‘lashi uchun qulay sharoit yaratadi.
Bugun ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan talablar ortib borayotgan bir sharoitda dual ta’lim – nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiradigan, ta’lim oluvchini real kasbiy faoliyatga tayyorlaydigan va malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshiradigan zamonaviy ta’lim modeli sifatida o‘z dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Institutda ushbu yo‘nalishning izchil rivojlanishi esa ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uyg‘unlikni yanada mustahkamlab, yurtimizda zamonaviy pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri