Nazarboyevning kuyovlari mavqeini yo‘qotmoqdami?
Kuni kecha Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev "Atameken" tadbirkorlar milliy palatasi prezidiumi raisi vakolatini topshirgani haqida ma’lum qildi, deyiladi palata saytida e’lon qilingan bayonotda.
"Bugundan boshlab, men "Atameken" tadbirkorlar milliy palatasi prezidiumi raisi vakolatini topshirishga qaror qildim”, — deb yozgan u bayonotida.
Shuningdek, Kulibayev hamkasblariga birga ishlagani uchun minnatdorchilik bildirgan, lekin iste’fo sabablari haqida izoh bermagan.
Kulibayev va uning rafiqasi mamlakatda eng yirik banklarning biri – Qozog‘iston xalq bankining egasi hisoblanadi.
"Samruk-Kazыna" milliy farovonlik jamg‘armasi ham 15 yanvarda “Kaztransoyl” kompaniyasi rahbari Dimash Dosanov va "QazaqGaz" (sobiq “KazTransGaz”) Milliy kompaniyasi rahbari Kayrat Sharipbayev lavozimini topshirganini ma’lum qilgan edi.
Xabarda aytilishicha, ularning birinchisi Nazarboyevning kichik qizi Aliyaning turmush o‘rtog‘i, ikkinchisini esa Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarining yozishicha, sobiq prezidentning katta qizi Darig‘a Nazarboyevaning ikkinchi turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.
Aliya Nazarboyeva 13 yanvarda o‘zining Facebook va Instagram sahifalarida mamlakatda yuz bergan voqealarni og‘ir qabul qilayotganini yozgan edi. U qozog‘istonliklarga otasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirgan. O‘shanda internet foydalanuvchilari ushbu akkaunt egasi BAAda ekanini aniqlashgan. Shundan keyin akkaunt bloklangan.
Darig‘a Nazarboyeva esa 12 yanvarda parlament majlisida ko‘rinmagan. Parlamentning quyi palatasi matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, Nazarboyeva sog‘lig‘i yomonlashgani uchun majlisda ishtirok etmagan ekan.