Navro‘zga bag‘ishlangan musobaqa
Ayni kunlarda Namangan viloyatining shahar va tumanlari, mahallalarida Navro‘z bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida milliy kurash, yugurish kabi sportning bir qator turlari bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etilmoqda. Shuningdek, mehnat jamoalari, davlat tashkilotlari va muassasalarida ham sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” majmuasida viloyat sudi tashabbusi bilan uyushtirilgan musobaqada viloyat sudlari hamda ma’muriy sudning sudya va xodimlari sportning shaxmat-shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.


Musobaqada 80 nafar sudya va xodim ishtirok etdi, ularning 16 nafari xotin-qizdir.
Qiziqarli va murosasiz kechgan turnirda dastavval har bir sport turi bo‘yicha kuchlilar saralab olinib, keyingi bosqichda o‘zaro bellashdi. Yarim final va final o‘yinlarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan sportchilar o‘zaro kuch sinashib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.


Xususan, ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan stol tennisi musobaqalarida viloyat ma’muriy sudining ish yurituvchisi Madina Normirzayeva g‘alaba qozondi. Shashka o‘yinlarida viloyat sudining sudya katta yordamchisi Mahfuza Mamadaliyevaga teng keladigan topilmadi. Erkaklar o‘rtasidagi murosasiz ruhda o‘tgan stol tennisi bellashuvlarida Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining xodimi Shohruh Shamsiddinov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shaxmatda esa viloyat sudining bosh konsultanti Abdujalilxo‘ja Ikromov muvaffaqiyatga erishdi.
Tantanali taqdirlash marosimida Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov g‘oliblarga diplom, medallar va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Musobaqaning yuqori saviyada o‘tishida yaqindan yordam bergan “Barkamol avlod” sport majmuasi ma’muriyati hamda musobaqa hakamlari ham taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri