Navro‘zga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida rangtasvirchi rassom Liana Almyashevaning Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan “Tasvirlarda mujassam siyrat” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada rassomning 70 ga yaqin eng sara ishlari namoyish qilinmoqda.
Liana Almyasheva 1984 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ijodkor 2007 yilda K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining bakalavriat, so‘ngra esa magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. U 2007 yildan boshlab O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.
Rassomning asosiy usuli moy bo‘yoq, akril. Janrlari esa manzara, natyurmort, portret, syujetdir.
Liana Almyashevaning asarlari dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Kanada, Avstraliya, Rossiya, Belarus, Latviya, Polsha, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya kabi davlatlarning shaxsiy kolleksiyalarida saqlanadi.
Liana Almyasheva boshqa ijodkorlar kabi tabiatni yaxshi ko‘radi. Uning “Buloq”, “Xumson”, “Ugam”, “Kuz lahzalari”, “Kuzda qish” nomli asarlarida o‘lkamizning go‘zal va bahavo joylaridan bahra olish, fasllar o‘zgarishiga munosabat ko‘zga tashlanadi. Liananing ijodida turmush o‘rtog‘ining o‘rni juda muhim. K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at xodimi Shuhrat Abdumalikov ayolining eng birinchi muxlisi, ustozi va tanqidchisidir.
[gallery-1615]
Rassomlar oilasi san’at ixlosmandlariga o‘zlarining ajoyib asarlarini taqdim etib kelmoqda.
Ko‘rgazma joriy yilning 27 martigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA