Navro‘z saylida xalqona an’analar jonlandi (+video)
Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va ezgulik bayrami. Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan ushbu qadimiy va navqiron ayyom barcha hududlarda o‘ziga xos shukuh bilan o‘tmoqda.
Poytaxtimizning “Qashg‘ar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi bilan «Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!» shiori ostida bayram sayli tashkil etildi.
Tadbirda Milliy gvardiyaning poytaxtda joylashgan bo‘linmalari harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolari, 22 va 30-sonli mehribonlik muassasalari tarbiyalanuvchilari hamda mahalla ahli faol ishtirok etdi. Bayram maydoni milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va xalqona an’analarimiz bilan bezatilib, haqiqiy Navro‘z ruhi hukm surdi.
Bahorning eng sevimli taomlaridan biri — sumalak esa opa-singillarimiz tomonidan bir sutka davomida pishirilib, bayram dasturxonlariga tortiq etildi. Shuningdek, palov pishirish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov ham bayramga yanada qiziqarli tus bag‘ishladi. 8 ta qozonda harbiy oshpazlar Farg‘ona, Samarqand va Toshkent hududlariga xos bo‘lgan mazali oshlarni tayyorladi.
Milliy taomlar ko‘rgazmasi ham ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Jamoalar tomonidan ko‘k somsa, chuchvara, xonim, halim, norin va turli bahoriy salatlar mehmonlarga taqdim etildi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlar namoyishi, sahna ko‘rinishlari va xalq og‘zaki ijod namunalari — laparlar tashkilotchilar tomonidan yuqori baholandi.
Shu bilan birga, retro fotostudiya burchagi tashkil etilib, ishtirokchilar uchun unutilmas lahzalar muhrlandi. Bolajonlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ular futbol musobaqalarida ishtirok etib, varraklar uchirdi, attraksionlarda vaqtlarini mazmunli o‘tkazdi.
Shuningdek, etnosport turlari tadbirga alohida fayz bag‘ishladi. Polvonlar o‘rtasida tosh ko‘tarish musobaqalari, milliy kurash bellashuvlari, xalq o‘yinlaridan qarab tepti bahslari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bolajonlar Chavandozlar maktabi va ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi otlarida sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Qizil yo‘lakda namoyish etilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi esa mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida barcha tanlov va musobaqalar g‘oliblari munosib taqdirlandi. Navro‘z sayli Milliy gvardiya ashula va raqs ansamblining kuy-qo‘shiqlari bilan davom etib, bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Kir0QUudIHg" title="Navro`z saylida xalqona an’analar jonlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U.To‘xtayev (montaj), O‘zA