“Navro‘z” namunali mahallaga aylanmoqda
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda ichki yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha viloyat hokimlariga o‘z hududidagi sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etgan holda olis va chekka mahallalardagi qum-shag‘al yo‘llarni sement-beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Navro‘z” mahallasini namunali mahallalardan biriga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov “Navro‘z” mahallasiga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, mahalla ahliga yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Hozirda mahallada 956 ta oila istiqomat qiladi. Ayni paytda mahallaning “Xalqlar do‘stligi”, “Orzu”, “Kamalak” ko‘chalarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, ichki qum-shag‘al yo‘llar sement-beton qoplamaga o‘tkazilmoqda.


Jamshid Musayev,
Karmana tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.
O‘zA