“Navro‘z” kanali 2021 yil ta’mirlanadi
O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Buxoro shahar Jo‘bor mahalla fuqarolar yig‘ini M.Narshaxiy ko‘chasida yashovchi fuqaro Shokir Saidov murojaat qildi.
Fuqaroning yozishicha, mahalla hududidan o‘tuvchi “Navro‘z” kanali 20 yildan buyon ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Bu masalaga mas’ul idoralar rahbarlari e’tibor qaratmagan.
Fuqaro va uning mahalladoshlari tomonidan mazkur kanalni ta’mirlab berish maqsadida ko‘plab yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilingan. Biroq natija bo‘lmagan. Murojaat yuzasidan tashkilot mas’ullari kelib murojaatchiga uchrashgan bo‘lishi mumkin. Lekin har safar quruq va’dalar berilgan.

Murojaatni o‘rganish uchun fuqaro Sh.Saidovning xonadonida bo‘ldik. Bizga kanalga mas’ul etib belgilangan Buxoro tuman irrigatsiya bo‘lim boshlig‘i R.Sariyev, Jo‘bor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oysha Usmonovalar hamrohlik qildi.
– So‘nggi marta joriy yilning mart oyida sug‘orish mavsumi boshlanishi oldidan viloyat Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mas’ullari mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga uchrashib, yil yakuniga qadar kanalni kapital ta’mirlash ishlarini boshlash bo‘yicha va’da bergan edi, – deydi fuqaro Shokir Saidov. – Afsuski, har safargidek, bergan va’da bajarilmay kelinmoqda. Kanalni qum va axlat bosib ketgan. Atroflarida qamishlar o‘sadi. Ko‘chamiz bir necha yildan buyon antisanitariya holatida.
Kanalning ikki chetidagi asfalt yo‘llar achinarli ahvolda. –Mahallamizning M.Narshaxiy ko‘chasidan o‘tuvchi “Navro‘z” kanali ta’mirtalab holatga kelib qolgan, – deydi shahardagi Jo‘bor MFY raisi Oysha Usmonova.

– Kanalni tozalash ishlari amalga oshirilganda tuproqlar kanalning ikki tomoniga to‘kiladi. Natijada asfalt buziladi. Shamol kunlari tuproqlardan chang hosil bo‘lib, ko‘cha ko‘rimsiz holatga kelib qoladi. Shu o‘rinda aytib o‘tishim joizki, aholi tomonidan kanal bo‘yidagi noqonuniy qurilmalar ham kanalni tozalashda ko‘plab qiyinchiliklarni tug‘diradi.
–“Navro‘z” kanali 1972 yil ishga tushurilgan. Uzunligi 1,4 kilometr, suv o‘tkazish qobiliyati 1,5 m3/s tashkil etadi, – deydi Buxoro tuman irrigatsiya bo‘lim boshlig‘i R.Sariyev. – Gidropostlar soni 3 ta bo‘lib soz holatda. “Navro‘z” kanaliga bog‘langan 320 gektar ekin maydoniga suv resursini yetkazib berishga xizmat qiladi. Har yili bir marotaba mexanizm yordamida tozalanadi.
Avtomobil orqali tashib chiqariladi. Joriy yilning iyun oyida tozalash ishlari amalga oshirildi. “Navro‘z” kanali 2021 yil Davlat dasturi asosida ta’mirlanadi. Hozirgi kunda kanalning loyiha ishlari hisoboti yuritilmoqda.
