Navoiylik “Nodirai davronlar”
Navoiy viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “Nodirai davronlar” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlovda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Qizlarjon” hamda Yoshlar ishlari agentligi qoshidagi “Qizlar ovozi” klublariga a’zo 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan siyosatga qiziquvchi, yetakchilik qobiliyatiga ega, jamiyatda ijtimoiy faol xotin-qizlar o‘zaro bahslashdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar ushbu tanlovda ishtirok etayotgan qizlar To‘maris, Nodirabegim, Uvaysiy va Zulfiyaxonim kabi ajdodlarimiz izdoshlari ekanliklarini ta’kidlab, ularga omad tilashdi.
– Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad xotin-qizlarda milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishdan iboratdir, – deydi partiya viloyat Kengashi bosh mutaxassisi Feruza Baqoyeva. – Shuningdek, tanlovda ishtirokchilarning siyosiy yetakchilik qobiliyatini yuzaga chiqarish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirokini ta’minlash, qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb etish, partiya g‘oyasi, dasturiy maqsad va vazifalarini qo‘llab-quvvatlovchi hamda targ‘ib etuvchi siyosiy yetakchilarning yangi avlodini tarbiyalash ham nazarda tutilgan.
[gallery-14792]
Tanlov jarayonida ishtirokchilar ikki shart asosida o‘zaro bahsga kirishdi. Ular “Bexato yozamiz” deb nomlangan shartda davlat tilidagi savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida diktant yozishgan bo‘lsa, “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” mavzusida milliy qadriyatlarni asrash, targ‘ib qilish va yanada boyitishga qaratilgan loyihalarining taqdimotini o‘tkazishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Iroda Bahronova, 2-o‘rinni Sevinch Islomova, 3-o‘rinni Nozanin Hamidova egalladi.
G‘olib va sovrindorlar partiya viloyat Kengashining “Diplom” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari