Navoiyda “Yil o‘qituvchisi” tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi
Navoiy shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi – viloyat bosqichi yakunlandi.
Tadbir avvalida yurtimizda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, pedagog kasbining nufuzini yuksaltirish hamda malakali o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlandi. Bu borada o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rag‘batlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ta’lim sifatiga xizmat qiladigan samarali mexanizmlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tanlovning mazkur bosqichda viloyatning 11 ta shahar va tumanidan saralab olingan 22 nafar iqtidorli pedagog ishtirok etib, o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdilar. Ishtirokchilar 100 ballik baholash tizimi asosida ikki yo‘nalish bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.
Birinchi yo‘nalish — ma’naviy-ma’rifiy faoliyat bo‘yicha pedagoglarning shaxsiy rivojlanishi, o‘z ustida ishlashi, tarbiyaviy ishlari, sinfdan tashqari faoliyati hamda tashabbuslari aks etgan taqdimotlari 20 ballik mezon asosida baholandi.

Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar kitobxonlik bo‘yicha test sinovida o‘z bilimlarini namoyon etdilar. Tasdiqlangan adabiyotlar asosida tayyorlangan 40 ta test savoliga javob berildi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanib, jami 80 ball to‘plash imkoniyati yaratildi.

– Tanlovda qirqta savoldan o‘ttiz ikkita to‘g‘ri javob topib, umumiy natija sakson ikki ball bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi Nurota tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarbiya fani o‘qituvchisi Feruz Qurolboyev. – Bu tanlov biz, pedagoglar uchun juda ham katta bir imkoniyat. O‘tkazilgan barcha bosqichlarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib keldim. Bunda ota-onamning, yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashlari, bilimim va o‘z ustimda tinimsiz ish olib borayotganim o‘z natijasini berdi, deb o‘ylayman.
Tanlov nafaqat eng munosib pedagoglarni aniqlash, balki ularning kasbiy mahoratini yanada oshirish, ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni keng joriy etish va o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.


G‘oliblarga Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdoridagi pul mukofoti topshiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri