Navoiyda xatlov ishlari davom etmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish, fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish hamda ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga yechim topish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda 2024-yil 5-avgust kuni qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jarayonlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Xatirchi tumanida press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Press-tur doirasida ishtirokchilar Yangirabot mahallasida bo‘lib, xatlov ishlarining amaliy bosqichlarini kuzatdi.
[gallery-28575]
– Mahallamizda 911 ta xonadon bo‘lib, 4033 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Ziyodulla Ziyodov. – Ayni paytda 48 ta ko‘chada xatlov jarayonlari olib borilmoqda. Bu ishlarga mahallamiz faollari ham jalb etilgan. Ular xonadon egalariga amalga oshirilayotgan ishlar mazmunini tushuntirib, xabardor qilib bormoqda. Hozirga qadar xonadonlarning qariyb 30 foizida xatlov ishlari yakunlandi.
Ishtirokchilar xonadonlarda zamonaviy texnik vositalar hamda raqamlashtirilgan dasturlar orqali amalga oshirilayotgan jarayonlar bilan tanishdi.
– Tumanimizda 70 ta mahalla mavjud bo‘lib, qonun ijrosini ta’minlash maqsadida xatlov ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, – deydi Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali rahbari G‘olibjon Rashidov. – Dastlab topograflarimiz ko‘chaning poligonini, ya’ni, xaritasini shakllantiradi. Shundan keyin muhandislar xonadonlarda o‘lchov ishlarini olib borib, kadastr chizmalarini tayyorlaydi. Hech bir element e’tibordan chetda qolmaydi. Keyin barcha ma’lumotlar xatlov bazasiga kiritilib, “E’tirof” axborot tizimiga o‘tkaziladi. Shundan so‘ng maxsus komissiya tomonidan muhokama jarayoni boshlanadi. Ijobiy xulosa olingan xonadonlar mahalliy Kengash sessiyasiga kiritilib, yakunda fuqarolarga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib beriladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar tuman bo‘yicha 2540 ta xonadon ma’lumotlari tizimga kiritilgan bo‘lib, ularning 1779 tasi muhokama bosqichida turibdi.
Press-tur yakunida Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida matbuot anjumani o‘tkazilib, unda viloyat miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, kadastr organlari tomonidan joriy yilda olib borilgan monitoring ishlari natijasida 922 ta holatda 47,2 gektar yer maydonlari noqonuniy egallangani aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilgan bo‘lib, 657 ta holatda fuqarolar tomonidan noqonuniy qurilmalar ixtiyoriy ravishda buzilib, yerlar avvalgi holatiga qaytarilgan. Qolgan holatlarda esa sud tartibida chora ko‘rilmoqda.
Shuningdek, 179 ta holatda yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanib, ularning asosiy qismi davlat zaxirasiga qaytarilgan.
– Bugungi kunda 310 ta mahallaning 79 tasida xatlov ishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu jarayonlarga 76 nafar mutaxassis jalb etilgan, – deydi Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Elbek Zayniyev. – Hozirga qadar 37 mingdan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, ularning katta qismi kadastr axborot tizimlariga kiritilgan. Xatlov natijalari asosida minglab holatlarda fuqarolarning yer uchastkalariga ijara huquqi va bino-inshootlarga mulk huquqi qonuniy ravishda e’tirof etilmoqda. Bu esa aholining o‘z mulki ustidan qonuniy egalik qilish, uni erkin tasarruf etish imkoniyatini yaratmoqda.
Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek, huquqi e’tirof etilgan fuqarolarga kadastr hujjatlari tantanali ravishda topshirildi. Bu esa amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari