Navoiyda “Teatr tomoshalari haftaligi”
Yurtimizning barcha teatrlarida 27-mart – Xalqaro teatr kuni oldidan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tmoqda
Har yili 21-27-mart kunlari o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tadbir doirasida Navoiy viloyati qo‘g‘irchoq teatrida ham bir qator spektakllar tomoshabinlar hukmiga havola etilmoqda.
– “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari hamda spektakllar namoyishi bo‘lib o‘tmoqda, – deydi teatr bosh rejissyori Akmal Shodiyev. – Repertuarlarimizdan kattalar va bolalar uchun “Toptalgan tuyg‘u”, “Tazarru”, “Quvnoq oila yoxud xushchaqchaq sichqoncha”, “O‘tkir shoxli Buqacha” spektakllari o‘rin olgan. Teatrimizga turli tashkilot, muassasa xodimlari, aholi vakillari va bolalar tashrif buyurmoqda. Tomoshalarimizga tashrif buyuruvchilar soni kun sayin oshmoqda. Bu biz ijodkorlarni mamnun etadi.
Teatr sahnasida namoyish etilayotgan “Quvnoq oila yoxud xushchaqchaq sichqoncha” spektakli bolajonlarning sevimli asarlaridan biriga aylandi, desak mubolag‘a emas. Boisi ushbu spektaklning har bir namoyishiga ko‘plab bolalar o‘z ota-onalari bilan kelishmoqda.
– Farzandlarim teatr oldidan o‘tayotganda spektakl afishasidagi yozuvni ko‘rib, teatrga olib borishimni so‘rashdi, – deydi Navoiy shahridagi Farovon mahallasida istiqomat qiluvchi Rohila Ochilova. – Teatr mahallamizda joylashganligi bois, farzandlarimni olib bordim. “Ochiq eshiklar kuni” munosabati bilan spektakllar tekin namoyish etilayotgan ekan. To‘g‘risi, teatrga birinchi bor tushishim. Jonli ijro, aktyorlarning obrazlarni mahorat bilan ijro etishi, xullas, barchasi ajoyib. Farzandlarim ham juda xursand bo‘ldi.
[gallery-16595]
Ahillik va mehr-oqibat tuyg‘ulari ulug‘langan “Quvnoq oila” spektakli Y.Chepovetskiyning “Xushchaqchaq sichqoncha” asari asosida sahnalashtirilgan bo‘lib, sahnalashtiruvchi rejissyor Akmal Shodiyev, sahnalashtiruvchi rassom esa Dilshod Pirmatov. Mushuk rolini Hamidjon Xoliqulov, sichqoncha rolini Dilfuza To‘raqulova, sichqonchaga yordamchi Hasan Ikromov va Marina xola rolini Matluba Boboqulova mahorat bilan ijro etgan.
– Asar xushchaqchaq sichqonchaning Marina xola va mushuk bilan ahil oila bo‘lgani haqida ekan, – deydi E’zoza Farmonova. – Marina xola avvaliga sichqonchaning oshxonada ovqatlanib yurishini, katta pishloqda teshikchalar ochishini istamaydi. Sichqonchani yo‘qotish uchun uyga mushuk olib keladi. Ammo ochiqko‘ngil, quvnoq sichqoncha mushuk bilan o‘ynab-kulib do‘stlashib oladi. Mushukning dumi sichqon uchun qo‘yilgan qopqonga tushadi. Sichqoncha uning dumini qopqondan chiqarishga yordam beradi. Mushuk uni tutmaslikka va birga bu uydan ketishga qaror qiladi. Marina xola uyga tort ko‘tarib keladi. Marina xola yolg‘izlikdan zerikkan ayol bo‘lib, sichqonchaga o‘rganib qolgan edi. Ketish oldidan uyga qaytib kirgan sichqoncha uning so‘zlarini eshitib qoladi va Marina xolaning yonida qolishga qaror qiladi. Ular quvnoq oilaga aylanishadi.
Teatrda spektakllar namoyishi davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari