Navoiyda “Media haftalik” boshlandi
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi va Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida “Media haftalik” tadbirlari boshlandi.
Internet va bosma nashrlar, televideniye va radio jurnalistlari, davlat idoralari matbuot kotiblari, blogerlar hamda mobilograflar ishtirok etayotgan haftalik doirasida malakali ekspertlar tomonidan zamonaviy media olamining dolzarb yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berilib, amaliy bilim va tajriba almashishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
- So‘nggi yillarda yurtimizda ochiqlik, oshkoralik va so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda, - deydi ekspert Nozima Toshpo‘latova. - Davlat organlari faoliyatining jamoatchilikka yaqinlashishi, axborot olish imkoniyatlarining kengayishi ommaviy axborot vositalari zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklamoqda. Ana shunday sharoitda “Media haftalik” kabi tadbirlar jurnalistlarning kasbiy salohiyatini oshirish va zamonaviy media muhitga moslashtirishda muhim o‘rin tutadi.
[gallery-29204]
Tadbir doirasida tashkil etilayotgan treninglarda ishtirokchilar islohotlarning turli yo‘nalishlarini yoritishda yangi yondashuvlar bilan tanishmoqda. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni tahliliy va ta’sirchan shaklda yoritish, siyosiy mavzularni keng ommaga tushunarli tarzda yetkazish, media kontentni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, media xavfsizlik, raqamli gigiyena, sun’iy intellekt davrida axborot maydonini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar bugungi global tahdidlarga qarshi samarali javob topishga xizmat qilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni, yirik siyosiy tadbirlarni yoritishda tahlil va mas’uliyat masalalariga bag‘ishlangan darslar jurnalistlarning jamiyat oldidagi rolini yanada kuchaytiradi. Chunki bugungi kunda OAV nafaqat axborot tarqatuvchi, balki jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntiruvchi muhim institutga aylangan.
Navoiydagi “Media haftalik” ana shu jihatlari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash, jurnalistikaning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishiga turtki berishga xizmat qiladi. Haftalik yakuniga qadar ishtirokchilar olgan bilim va ko‘nikmalar kelgusida yurtimizda ochiq, professional va mas’uliyatli media muhitini shakllantirishga hissa qo‘shishi, shubhasiz.
Media haftalik 8-may kuni yakunlanadi
A.Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari