Navoiyda chorvachilik rivojlanmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng
Navoiy viloyatida chorvachilikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish, sohaga eng ilg‘or usullarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2024 yil 31 oktyabr - 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida “Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar”ga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda viloyatda 9 million gektar yaylov bo‘lsa-da, chorva kamligi, kelgusi uch yilda 3 million gektar yaylov yaxshilanib, chorva 10 karra ko‘paytirilishi bo‘yicha alohida vazifalar yuklatilgan edi. Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish uchun xorij tajribasini o‘rganish, hududning iqlim sharoitiga mos chet el chorva zotlarini olib kelib ko‘paytirish, amaliy va nazariy tamoyillarni integratsiya qilish borasida ham topshiriqlar berilgandi.
Qolaversa, 2024 yilning 23-26 iyun kunlari Mo‘g‘uliston Prezidenti davlat tashrifi bilan yurtimizda bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida qator kelishuvlar imzolangan edi. Ular orasida yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish, Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha loyihalar o‘rin olgandi.
– Berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yil noyabr oyida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutaxassislari, naslchilik bilan shug‘ullanayotgan olimlar va chorvador tadbirkorlardan iborat delegatsiya bilan birgalikda Mo‘g‘ulistonda bo‘ldik, – deydi Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev. – U yerda Navoiy viloyatining iqlimiga mos qo‘y va echki zotlarini, jumladan, “torgut”, “kashemir”, “bayat”, “mo‘g‘ul” zotlarining o‘ziga xosligi, mahsuldorligi va nasldorlik xususiyatlarini o‘rgandik. Ushbu zotli qo‘ylar go‘sht-jun yo‘nalishida bo‘lib, ularning tirik vazni 70-80 kilogramm, qo‘chqorlari 100-120 kilogrammgacha, go‘sht chiqimi esa tirik vazniga nisbatan 60 foizni tashkil etar ekan. Tashrif davomida viloyatimiz yaylovlariga va iqlim sharoitiga tez moslashuvchan qo‘y zotlarini olib kelish bo‘yicha bitimlar imzoladik. Hozirgi kunga qadar 5000 boshdan ziyod qo‘y olib keldik.
Kelishuvga asosan tumanga 20 ming bosh qo‘y olib kelinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tuman hokimining ta’kidlashicha, 1000 bosh tuya ham olib kelinadi.
Bugungi kunda olib kelingan qo‘ylarning 750 boshi “Qorako‘l Uchtepa sur” MCHJga keltirildi. Ayni paytda jamiyatda 25 mingdan ziyod mayda va yirik shoxli chorva parvarishlanmoqda.
– Hozirda bizda 25 mingta qo‘y-echki, 150 ta qoramolimiz bor. 124 ta ishchi o‘rni yaratilgan, – deydi MCHJ rahbari Murod Rayisov. – Klaster tashkil qilingandan keyin chorva soni ko‘paydi. Yetishtirilayotgan qorako‘l terilarimiz sifati ham yanada yaxshilandi. Qorako‘l terilarni Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilmoqdamiz. Mongoliyadan olib kelingan qo‘ylar sog‘lom, jun va go‘shtga moslashtirilganligi ko‘rinib turibdi. Hozirdan keltirilgan qo‘ylar qo‘zilashni boshladi. Aksariyati egizak tug‘moqda. Kelgusida chorva sonini yanada ko‘paytirib, naslni yaxshilash niyatidamiz. Junidan va go‘shtidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratamiz.
[gallery-21357]
Olib kelingan chorva mollari parvarishini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida tumanda kuchli va dag‘al ozuqalar zaxirasi yaratilgan bo‘lib, veterinariya-sanitariya tadbirlari amalga oshirilgan, tajribali mutaxassislar, chorvachilik sohasi olimlari biriktirilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, ayni paytda tumanda 25 ming 200 boshdan ziyod yirik shoxli, 60 ming boshga yaqin mayda shoxli mollar va 3,5 mingtaga yaqin tuya parvarishlanmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari