Navoiy viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari ta’mirlanmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yosh avlod uchun xavfsiz va qulay ta’lim muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyatida 2026-yilda amalga oshirilayotgan 81 ta qurilish va ta’mirlash loyihasi ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Ushbu loyihalar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablari infratuzilmasi tubdan yangilanib, ta’lim muassasalarida zamonaviy o‘quv muhiti shakllantiriladi.
Joriy yilda maktabgacha ta’lim tizimida 24 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, 12 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda, 3 ta muassasa rekonstruksiya qilinib, 7 ta bog‘chada mukammal hamda 2 ta muassasada joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar natijasida 990 ta yangi bog‘cha o‘rni yaratiladi, 100 ta mavjud o‘rin rekonstruksiya qilinadi va 1 945 nafar tarbiyalanuvchi uchun zamonaviy, xavfsiz hamda barcha talablarga javob beradigan shart-sharoitlar yaratiladi.
57 ta umumta’lim maktabida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning 35 tasida rekonstruksiya, 19 tasida mukammal va 3 tasida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Loyihalar yakunlangach, 7 758 ta yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi, 16 806 ta o‘quvchi o‘rni esa zamonaviy ta’lim standartlari asosida yangilanadi. Bu esa maktablardagi o‘rinlar yetishmovchiligini bartaraf etish, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi va pedagoglar uchun yanada munosib mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur loyihalar Investitsiya dasturi, Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘lari, shuningdek, mahalliy byudjet hamda boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida viloyat bo‘yicha jami 18 751 ta ta’lim o‘rni zamonaviy talablarga moslashtiriladi.
Ta’limga yo‘naltirilayotgan har bir investitsiya mamlakat kelajagiga qaratilgan investitsiyadir. Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar ham ta’lim sifati va qamrovini yanada oshirish, raqobatbardosh avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi islohotlarning muhim natijasi hisoblanadi. Zero, zamonaviy ta’lim muhitida tarbiya topgan bilimli va salohiyatli yoshlar Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri