Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabining 7 nafar iqtidorli o‘quvchisi AIMO Osiyo xalqaro matematika olimpiadasida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Osiyo xalqaro matematika olimpiadasi 2012 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Unda 18 ta davlatning 2-11sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. Olimpiada joriy yilning avgust oyida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadi.
Ishlab chiqarish korxonalariga chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy shahrida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi “Midi-an-cid” MCHJ, “Navoiy milling” MCHJ fosfor unini ishlab chiqarish korxonasi, “Grand mill” MCHJ don mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi va “Tnermo install” MCHJ xonadonlarga o‘rnatiladigan isitish moslamalarini ishlab chiqarish korxonalariga chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatildi.
Shuningdek, Navbahor tumanida faoliyat olib borayotgan “Navbahor TYF” asfalt ishlab chiqarish hamda “Navbahor textile” paxtani qayta ishlash korxonalariga ham ana shunday uskunalar o‘rnatildi.
Hech kim e’tibordan chetda emas
Qiziltepa tuman hokimi Shabon Nabiyev boshchiligida sektorlar va mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirokida bir guruh ko‘zi ojiz fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda 26 nafar fuqarodan 30 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Jumladan, M.Turdiyeva, G.Bozorova va J.Ravshanovga dori-darmon berilishi, U.Murodov va G.Karimovaga xonadoniga ichimlik suvi o‘tkazish, Z.Kenjayevning uy-joy kadastri, G.G‘iyosovaning bankdan kredit olishiga ko‘maklashiladigan bo‘ldi. Shuningdek, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga ham tegishli yordamlar ko‘rsatilishi belgilandi.
Kumush tola yetishtirilmoqda
Navbahor tumanida 2021 yilda 4198 quti ipak qurti urug‘i parvarishlanib, 235 tonna pilla xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda 175 ta fermer xo‘jaligi va 529 nafar ipak qurti boquvchi kasanachilar bilan pilla xomashyosi yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan.
Birinchi mavsumda 3358 quti va ikkinchi mavsumda 840 quti ipak qurti parvarishlanishi rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA