Navoiy shahrida qilichbozlik bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi
Navoiy shahrida yoshlarning qilichbozlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning sport mahoratini yuksaltirish va viloyatda ushbu sport turini yanada ommalashtirish maqsadida qilichbozlik bo‘yicha kichik o‘smirlar, yoshlar hamda kattalar o‘rtasida Navoiy viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda Xalqaro qilichbozlik kuni munosabati bilan tashkil etilgan musobaqada yosh sportchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va mahoratlarini namoyish etdi.
Musobaqaning kichik o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida o‘g‘il bolalar orasida Miron Begalov, qiz bolalar o‘rtasida esa E’zoza Soataliyeva birinchi o‘rinni egalladi.

Yoshlar o‘rtasidagi yakka tartibdagi bahslarda o‘g‘il bolalar orasida Aslan Aslanov chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Elvira Serikboyeva birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Jamoaviy bahslarda qizlar o‘rtasida “Navoiy-I” jamoasi, yigitlar o‘rtasida esa “Navoiy-II” jamoasi birinchi bo‘ldi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri