Navbahorda zamonaviy yondashuv asosida yerga chigit qadalmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, resurslardan oqilona foydalanish va yuqori samaradorlikka erishishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, paxtachilik tarmog‘ini tubdan yangilash, uni bozor tamoyillari asosida rivojlantirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Navoiy viloyati Navbahor tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu islohotlarning amaliy ifodasi sifatida e’tiborga molik. Joriy mavsumda tumanda 5866 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayon uyushqoqlik va aniq reja asosida olib borilmoqda. Barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinib, ekish ishlarini o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

– Ekin maydonlarining 3084 gektarida chigit 76/10 qo‘shqator sxemada plyonka ostiga ekilmoqda, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Xudoynazarov. – Bu usul yer namligini saqlash, haroratni barqarorlashtirish hamda chigitning tez va bir tekis unib chiqishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolgan 2782 gektar maydonda esa chigit yakka qator usulida ekilib, an’anaviy tajriba zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Ayniqsa, “Shinjon” texnologiyasining joriy etilayotgani paxtachilikda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bermoqda. Mazkur texnologiya suv resurslaridan tejamkor foydalanish, mehnat sarfini kamaytirish va hosildorlikni oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish siyosatiga to‘liq mos keladi.


Ayni paytda tumanda chigit ekish ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘liq shay holatga keltirilgan, yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasi yaratilgan. Fermer xo‘jaliklari va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib, agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilishi ta’minlanmoqda.


Mutaxassislar tomonidan yerni ekishga tayyorlash, o‘g‘itlash, sug‘orish va chigitni to‘g‘ri joylashtirish jarayonlari doimiy monitoring qilinmoqda. Bu esa kelgusida yuqori va sifatli hosil olish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot yetishtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri