Navbahorda zamonaviy sayilgoh barpo etildi
Navoiy viloyatining Navbahor tumani markazidagi Boburshoh ko‘chasi drayver loyihalar dasturi doirasida to‘liq rekonstruksiya qilinib, aholi uchun zamonaviy va qulay jamoat maskaniga aylantirildi.
Aholi uchun zamonaviy dam olish hududini yaratish, fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishiga sharoit yaratish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan loyiha doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan 2 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Shuningdek, zamonaviy tungi yoritish tizimi o‘rnatilib, aholi uchun qulay o‘rindiqlar joylashtirildi.

Hududda ikkita zamonaviy favvora, LED ekran, selfi hududi, “NAVBAHOR” yozuvli stella, turli dekorativ bezaklar, bolalar maydonchasi hamda sport-sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan vorkaut maydonchasi tashkil etildi.
Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘cha bo‘ylab 11 ta yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish shoxobchasi barpo etildi. Ayni paytda ushbu ob’ektlar tuman aholisi va mehmonlariga kunu tun sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shu bilan birga, mazkur hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Natijada ularning xizmat turlari kengayib, faoliyat ko‘lami yanada oshdi.

Boburshoh ko‘chasidagi yangilanishlar bugun nafaqat tumanning arxitekturaviy qiyofasini bezab turibdi, balki aholi turmush sifati, xizmat ko‘rsatish madaniyati va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri