Natijalar tahlil qilinib, yangi rejalar belgilandi
Yangi o‘quv yili ostonasida ta’lim tizimida erishilgan natijalarni xolis baholash, mavjud kamchiliklarga tanqidiy nazar tashlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish muhim. Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan V «Ustozlar milliy forumi»da ana shu masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Sirdaryo viloyati hokimligi binosida «Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori» shiori ostida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva, ta’lim tizimi xodimlari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, maktab direktorlari hamda pedagoglar ishtirok etishdi.
Forumda avvalo viloyatda ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Ayni paytda hududda 351 ta umumta’lim maktabi va 1179 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib, ularda qariyb 13,5 ming nafar pedagog mehnat qilmoqda.
Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish borasida ham muayyan natijalarga erishilgan. Viloyatdagi 3–7 yoshli 71 ming 164 nafar bolaning qariyb 85 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimida qamrov 95,2 foizga yetgan. Joriy yilning o‘zida 70 ga yaqin nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ish boshlab, 2700 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Biroq forumda ta’kidlanganidek, ta’limda miqdoriy ko‘rsatkichlarning o‘zi kifoya emas. Bolaning bog‘chaga yoki maktabga qamrab olinishi bilan bir qatorda, unga berilayotgan ta’limning mazmuni, tarbiya sifati, mustaqil fikrlashi va qobiliyatini rivojlantirish darajasi asosiy mezon bo‘lishi lozim.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov forum ishtirokchilarini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan qutlar ekan, yangi o‘quv yili oldidan natijalarni sarhisob qilib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini qayd etdi.
— Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — ta’lim sohasini rivojlantirish. Zero, ta’limga e’tibor — kelajakka e’tibor. Shu bois islohotlarni izchil davom ettirish, ustozlar bilan ochiq muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni birgalikda hal etish va eng muhimi, ta’lim sifatini oshirishimiz shart, — dedi viloyat hokimi.
Tadbirda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy o‘qitish metodlarini amaliyotga joriy etish, o‘quvchilar bilan individual ishlash va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
24–29-avgust kunlari viloyatning barcha ta’lim muassasalarida shu’ba yig‘ilishlari, seminar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Tuman va shaharlarda 3600 nafar pedagog ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlarda yangi o‘quv yilida ta’lim samaradorligini oshirishning aniq mexanizmlari muhokama qilinmoqda.
Forum doirasida 12 ta shu’baga bo‘lingan holda 300 dan ortiq umumta’lim maktabi direktori uchun o‘quv-metodik kurslar tashkil etildi. Unda maktab rahbarlarining boshqaruv salohiyatini oshirish, jamoada sog‘lom muhit yaratish, ta’lim natijalarini tahlil qilish va samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha tajriba almashildi.
Sirdaryo ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, eng avvalo, o‘quvchilarning natijalarida aks etmoqda. Joriy yilda 6870 nafar bitiruvchi — umumiy bitiruvchilarning 61 foizi xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ta’lim sifatidagi bu o‘sishni 2024-yildagi 717 nafar va 2025-yildagi 1917 nafarlik ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda, natija salmog‘i yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Oliy ta’limga qabul ko‘rsatkichlarida ham o‘sish qayd etildi. 2025–2026 o‘quv yilida 11 ming 264 nafar bitiruvchining 3604 nafari, ya’ni 32 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Kirish testlarida o‘rtacha natija 92 ballni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 14 ballga oshdi.
[gallery-31085]
E’tiborlisi, joriy yilda 70 nafar bitiruvchi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga 100 foizlik grant asosida qabul qilingan. Ularning 38 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bunday yutuqlarga misollar ham yetarli. Guliston tumanidagi 1-maktab bitiruvchisi Sardor Xolyigitov AQSHdagi nufuzli universitetlardan biriga grant asosida qabul qilinib, 165 ming AQSH dollari miqdorida grantni qo‘lga kiritgan. Guliston shahridagi 5-maktab bitiruvchisi Mirzarahim Sobirjonov esa AQSHning 11 ta nufuzli universitetidan taklif olib, umumiy qiymati 1,5 million dollarlik grant asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Xalqaro fan olimpiadalarida ham sirdaryolik yoshlar o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. 2026-yilda ular tomonidan 13 ta sovrinli o‘rin qo‘lga kiritildi. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 11 tani tashkil etgan edi.
Xususan, Xitoyning Shanxay shahrida o‘tkazilgan 67-xalqaro matematika olimpiadasida Yangiyer shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Dostonbek Rahmonqulov kumush medal, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali 11-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamajonov bronza medal bilan taqdirlandi.
O‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar ham o‘z samarasini bermoqda. 2026-yilda 3573 nafar pedagog, ya’ni ularning 26,5 foizi xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2034 nafar yoki 15 foiz edi.
Ayniqsa, ingliz tili fani o‘qituvchilarining 95 foizi — 1231 nafardan 1176 nafari xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘lgani e’tiborga molik. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Sirdaryo viloyati respublikada birinchi o‘rinni egalladi.
Pedagoglarning metodik izlanishlari ham rag‘batlantirilmoqda. Joriy yilda 21 nafar o‘qituvchining metodik ishlanmasi respublika miqyosida ommalashtirildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilda 5 nafarni tashkil etgan. Asosiy fan olimpiadalarining respublika bosqichida o‘quvchilar 3 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishib, viloyatning reytingdagi mavqei o‘tgan yilgi 14-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarilishdi.
Pedagog mehnatini munosib rag‘batlantirish ham ta’lim sifatiga ta’sir qiluvchi muhim omil sifatida qayd etildi. Ayni paytda viloyatda Vazir jamg‘armasi orqali har oy 7 million so‘mdan ustama olayotgan 46 nafar pedagog bor. Ming dollardan ortiq oylik maosh olayotgan o‘qituvchilar soni esa 305 nafarga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘pdir.
Sayxunobod tumanidagi 11-maktab tarix fani o‘qituvchisi Orzumurod Zaripovning qariyb 2 ming dollar miqdorida oylik maosh olayotgani ustozning bilimi, malakasi va mehnatiga berilgan e’tirof sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, bunday imkoniyatlar pedagog va maktab rahbarlaridan yanada yuqori mas’uliyat talab qilishi ta’kidlandi.
— Rag‘batning eng kattasi o‘quvchining bilimi va yutug‘ida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun maktab direktori o‘zidan «Nega mening maktabimda bunday natija yo‘q?» degan savolni so‘rashi kerak. Maktabda sog‘lom muhit bo‘lishi, malakali va toifali o‘qituvchilar ko‘payishi, bitiruvchilar yuqori natija ko‘rsatishi lozim. Ana shunda rahbarning ham, ustozning ham mehnati munosib baholanadi, — dedi Erkinjon Turdimov.
Pedagoglarni baholashda adolat va ochiqlikni ta’minlash maqsadida yangi platforma ham ishga tushirildi. Uning yaratilishi uchun 217 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur tizim o‘qituvchilar mehnatini baholash va rag‘batlantirish jarayonida shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’lim sifati zamonaviy infratuzilmasiz tasavvur etilmaydi. Shu bois keyingi yillarda ta’lim muassasalarini ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xavfsiz ta’lim muhitini yaratishga katta mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
O‘tgan o‘quv yilida 117 ta ta’lim tashkilotida, joriy yilda esa 64 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida 22 ming 500 nafar o‘quvchi zamonaviylashtirilgan maktablarda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur maqsadlar uchun Sirdaryo viloyatiga 1 trillion 264 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Bundan tashqari, xorijiy va mahalliy grantlar hisobidan 2 ta maktab va 3 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qariyb 11,5 milliard so‘m mablag‘ jalb qilinib, energiya tejamkor tizimlar joriy etildi.
So‘nggi ikki yilda «Tashabbusli byudjet» doirasida ta’lim muassasalari uchun 68 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ularning sharoiti va moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Ta’lim muassasalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida 52 ta umumta’lim maktabi zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Aqlli va smart tizim asosida ishlovchi kameralarni o‘rnatish uchun 5,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Forumda ta’limni taraqqiy ettirishda innovatsiya va yangilikka intilish muhimligi ham alohida ta’kidlandi. Zamonaviy dunyoda raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda yoshlarga bilim berish bilan birga, ularda yangicha fikrlash, texnologiyalarni o‘zlashtirish va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, ta’lim tizimi oldidagi vazifa faqat bugungi natijalarni saqlab qolish emas, balki ertangi raqobat muhitiga mos avlodni tarbiyalashdan iborat.
Shu bilan birga, viloyatdagi barcha maktablarda natijalar bir xil emasligi ham ochiq muhokama qilindi. Xususan, bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan Boyovut tumanidagi 32 va 41-maktablar, Oqoltin tumanidagi 15-maktab, Xovos tumanidagi 20-maktab, Sirdaryo tumanidagi 35-maktab, shuningdek, oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan Mirzaobod tumanidagi 17-maktab, Xovos tumanidagi 28-maktab, Sayxunobod tumanidagi 22 va 30-maktablar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
— Bu maktablarni tanqid qilish uchun emas, balki ularga e’tiborni kuchaytirish va natijani o‘zgartirish uchun ochiq aytyapman, — dedi viloyat hokimi.
Ta’limda natija faqat olimpiada yoki oliy ta’limga qabul bilan o‘lchanmasligi, yoshlarning ma’naviy tarbiyasi, odob-axloqi va ijtimoiy mas’uliyati ham e’tibor markazida bo‘lishi lozimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan maktablarda yagona formaga rioya etish, odob-axloq qoidalariga amal qilish, iqtidorli o‘quvchilar bilan manzilli ishlash, olimpiadalarga tayyorgarlikni kuchaytirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ishlarni tizimli davom ettirish vazifalari belgilandi.
O‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va bildirgan takliflarini inobatga olish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan 311 ta maktabga 21 ming 770 nusxa kitob sovg‘a qilindi. Mazkur tashabbus maktab kutubxonalarining kitob fondini boyitish bilan birga, o‘quvchilarning mutolaaga qiziqishini yanada oshirish, ularning dunyoqarashi va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Forum doirasida ustozlar ham o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, mavjud muammolar va ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan muhokamalarda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, metodik yordamni kuchaytirish va ta’lim natijadorligini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Eng muhimi, forumda 2026–2027 o‘quv yili uchun aniq vazifalar belgilab olindi. Endi e’tibor natijalarni raqamlarda ko‘rsatishdan ko‘ra, ularning mazmuni va sifatini oshirishga, har bir o‘quvchining qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga, har bir maktabning o‘z imkoniyatidan to‘liq foydalanishiga qaratiladi.
Zero, ta’lim sohasidagi har bir natija ortida ustozning mehnati, maktab rahbarining mas’uliyati va jamiyatning kelajakka munosabati mujassam. Bugungi e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish esa ertangi natijalarni belgilaydi.
Tadbir yakunida ta’lim sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ustozlar viloyat hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA