“Nasaf” o‘z uyida “Buxoro”ni yirik hisobda yengdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turini boshlab bergan "Nasaf" — "Buxoro" o‘rtasidagi o‘yin o‘z nihoyasiga yetdi.
Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tgan ushbu o‘yinda dastlab Husayn Norchayev 13-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 25-daqiqada Yusuf Otubanjo mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Sharof Muhiddinov “Buxoro” darvozasiga uchinchi golni kiritdi.

Shuningdek, “Nasaf” klubi a’zolaridan Yusuf Otubanjo 30, Dragan Cheran esa 47-daqiqada gol urdi. Shu tariqa “Nasaf” va “Buxoro” jamoalari bahsi yirik - 5:0 hisobida yakunlandi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng Qarshi shahrining bosh jamoasi ochkolarini 46 taga yetkazib olgan holda chempionatdagi peshqadamligini saqlab qoldi. “Buxoro” esa 17 ochko bilan 15-o‘rinda qoldi.

Endi “Nasaf” 22-turda “Qizilqum” klubi mehmoni bo‘ladi. Ushbu o‘yin 21 sentyabr kuni tashkil etiladi. “Buxoro” esa 20 sentyabr kuni o‘z maydonida “Navbahor” bilan o‘ynaydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA