NASA ta’qib qilayotgan trillion dollarlik asteroid siri
NASA tadqiq qilayotgan 16-Psixeya asteroidi olimlar e’tiborini tortdi. Ma’lumotga ko‘ra, Mars va Yupiter orbitasi orasida joylashgan bu ulkan fazoviy jism tarkibida temir, nikel, platina va ehtimol Yerda shu paytgacha qazib olingan oltindan ham ko‘proq qimmatbaho metall bo‘lishi mumkin ekan.
Zero, asteroidning taxminiy nazariy qiymati "trillion dollarlik asteroid" yoki "koinot xazinasi" ta’rifli sarlavhalarni yuzaga chiqardi.
1852-yil italiyalik astronom Annibal de Gasparis tomonidan kashf etilgan bu ob’ektning aylanasi qariyb 220 kilometr. Olimlar Psixeya qadimda shakllanayotib parchalanib ketgan sayyoraning ochiq metall yadrosi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Agar shu faraz tasdiqlansa, insoniyat ilk bor sayyora yadrosiga o‘xshash tuzilmani bevosita o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.
NASA 2023-yil “SpaceX”ning “Falcon Heavy” raketasi yordamida Psixeya tomon missiya uchirdi. Manziliga 2029-yil yetib borishi kutilayotgan ushbu fazoviy qurilma asteroid atrofida aylanib, ob’ektning tarkibi, magnit maydoni, gravitatsiyasi va ichki tuzilishini tadqiq etadi.
Mutaxassislar Psixeyaning haqiqiy qiymati moddiy boyligi emas, balki Quyosh tizimi va Yerga o‘xshash sayyoralar qanday shakllanganini tushunishga yordam berishi bilan baholanishini ta’kidlamoqda. Asteroidlarda qazish ishlarini olib borish g‘oyasi ko‘p yildan beri muhokama qilinsa-da, hozirgi zamonaviy texnologiya Psixeyadan foydali qazilma olib kelish imkonini bermaydi. Demak, bu loyiha hozircha tijoriy emas, ilmiy missiya.
Saida Abdulazizzoda, O‘zA