Namanganlik ziyoratchilar uylariga qaytishmoqda
Bundan bir oy avval Namangan viloyatidan muqaddas safarga yo‘l olgan ziyoratchilar Islom dinidagi beshinchi arkon – Haj ziyoratini yorug‘ yuz bilan, mukammal tarzda ado etdilar. Yurtimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilayotgan e’tibordan bahramand bo‘lgan hojilarimiz mamlakatimizga ko‘tarinki kayfiyatda qaytishmoqda.

Vodiy havo darvozasi – Namangan xalqaro aeroportida ziyoratchilarni kutib olish uchun barcha sharoit yaratildi. Saudiya Arabistonining Jidda shahridan parvozga ko‘tarilgan "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining havo kemasi Namangan va Chortoq tumanlaridan 245 nafar ziyoratchini yurtimizga olib keldi.


Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, aeroport ma’muriyati, keng jamoatchilik vakillari, faxriylar va ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali kutib oldi.

Ta’kidlash joizki, ziyoratchilarimiz tabarruk manzillarda Yaratganning buyuk farzini chiroyli ado etdi. Hukumatimiz tomonidan fuqarolarni Haj ziyoratiga tayyorlash, jo‘natish, muqaddas safardagi amallarni bajarish, tibbiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish hamda yurtimizga qaytarish bilan bog‘liq jarayonlarda yuksak darajada qulayliklar yaratildi.
O‘z navbatida, bu yilgi Haj mavsumi davomida mo‘min-musulmonlarimizga Madina va Makka shaharlarida yaratilgan shart-sharoitlar ko‘plab davlatlardan borganlarning havasini uyg‘otdi. Ayniqsa, an’anaga binoan Prezidentimizning ziyorat davomida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, o‘z fuqarolaridan hol so‘ragani Yangi O‘zbekistonda inson qadri barcha narsadan ulug‘ ekanligining amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Ziyoratchilarimiz qutlug‘ safardan sog‘u salomat qaytishgani va yaqinlari diydoriga yetishgani uchun shukrona keltirish asnosida, elimiz saodati va Vatanimiz ravnaqi yo‘liga xayrli duolar qilishdi. Endilikda hojilik baxtiga muyassar bo‘lgan hamyurtlarimiz jamiyatda barchaga o‘rnak bo‘lib, yoshlarni ilmu ma’rifatga chaqirish, aholini ezgu ishlarga boshlash, oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish va ehtiyojmand kishilarga yordam ko‘rsatish ishlarida boshchilik qiladilar.
– Uzoq yillar pochtalon bo‘lib ishladim. Duradgor sifatida ham mehnat qildim. Umr yo‘ldoshim Zamiraxon bilan birgalikda bir qiz va uch o‘g‘ilni o‘stirib, el xizmatiga kamarbasta qilib tarbiyaladik. Bugungi kunda farzandlarimiz ziyolilar safida mas’ul vazifalarda faoliyat yuritishmoqda, – deydi Namangan tumanidagi Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi mehnat faxriysi Jamoliddin Jo‘rayev. – Keksalik yoshida Hajga borish nasib qilganidan bag‘oyat xursandman. Muazzam manzillarda bizga yaratilgan sharoitlar kutganimizdan-da a’lo darajada bo‘lgani uchun ham muborak amallarni xolis niyatda bekamu kust bajardik. Endilikda o‘z hududimizda mahalladoshlarimizni yaxshilikka ergashtirib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, oilalar mustahkamligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shamiz.

Aeroportdagi kutib olish marosimidan so‘ng hojilarning tegishli guruhlari maxsus biriktirilgan shinam avtobuslarda yashash hududlariga kuzatib qo‘yilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: “Haj-2026” dasturi doirasida Namangan viloyatidan 1 ming 730 kishi muqaddas amallarni bajardi. Ziyoratchilar shu yilning 12-iyuniga qadar mahalliy aviakompaniyaning maxsus reyslarida “Jidda – Namangan” yo‘nalishi bo‘yicha Vatanimizga qaytadilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri