Namanganlik pillakorlar sharaflandi
Namangan shahridagi “Diyor” tantanalar majmuasida qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri pillachilik fidoyilari tantanali taqdirlandi.
“Bir piyola choy” bayram dasturxoniga yig‘ilgan bayramona tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga va salmoqli yutuqlarga erishilishida munosib hissa qo‘shgan azamat pillakorlar, klaster va fermer xo‘jaliklari hamda agropilla jamiyatlari faollarini qutlab, ularga qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdi.
E’tirof etish joiz namanganlik pillakorlar uchun joriy yil g‘oyat samarali bo‘ldi. 2030 tonna sifatli “kumush tola” yetishtirilib shartnomaviy reja uddalandi. Pilla hosili uchun viloyatdagi 2 ming 437 ta fermer xo‘jaligi va 7 ming 423 nafar kasanachi bilan shartnomalar, o‘z navbatida ipak qurti boqib, hosil yetkazib berish yuzasidan 65 ming 931 nafar qurt boquvchi o‘rtasida mehnat shartnomalari tuzildi.

“Chilgi hosil” – bahorgi pilla yetishtirish mavsumini yuksak uyushqoqlik va intizom bilan olib borilgani, agrotexnik qoidalarga e’tibor qaratilgani natijasida Namangan viloyatida birinchi va ikkinchi pilla yetishtirish mavsumining o‘zida 35 ming 351 quti ipak qurti parvarishlanib, har qutidan o‘rtacha 57,4 kilogrammdan hosil olindi. Shartnomaviy reja 101 foizga bajarilib, o‘tgan yildagi rejaga nisbatan 130-140 tonna ko‘p hosil ko‘tarildi.
Bunday muvaffaqiyatga erishilishida eng avvalo, Norin tumanidagi “Foziljon qizi Zulxumor”, Pop tumanidagi “Ziyorat pop”, Chust tumanidagi “Nabi Sobir”, Namangan tumanidagi “Tepaqo‘rg‘on LXS”, Chortoq tumanidagi “Otabek Sulaymonqul Jasur”, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Abdulhamid ota”, Mingbuloq tumanidagi “Mingbuloq obod zamin”, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Chorbog‘ zamin gulshani” singari fermer xo‘jaliklarining zalvorli mehnatlarini alohida qayd etish lozim. Ushbu peshqadam zarshunoslar har quti urug‘idan o‘rtacha 65-80 kilogrammdan oshirib hosil ko‘tardi.
Darvoqe, pillachilik tarmog‘ining o‘ziga xos jihatlaridan biri qishloq joylarida aholining ishsiz qatlamlari, ayniqsa, 35 mingdan ortiq xonadonlardagi uyda o‘tirgan mehnatsevar ayol-qizlarning mavsum davomida bandligi ta’minlangani bo‘ldi.
– Har bir pillakor mehnatiga yarasha rag‘bat topsa, yanada astoydil ishlashga, yangi marralar sari intilishda kuch-quvvati, g‘ayrati jo‘sh uraveradi, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Qo‘riq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi kasanachi Saydarali Ergashev. – Yakunlangan mavsum davomida to‘qqiz quti ipak qurti boqib, davlatga 1,2 tonna “kumush tola” topshirdik. Bunda uch gektar maydonda tutchilik plantatsiyasi tashkil etganimiz va oilaviy asosda ish olib borganimiz yaxshi samara berdi. Bir mavsumda ipak qurtidan ikki marta hosil oldik, daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ldi. Oilaviy byudjetimizga jami 35 million so‘m naf keldi.

Prezidentimiz bergan zo‘r imkoniyat yordamchi-ishchi sifatida ipak qurti boqqanlarga Pensiya jamg‘armasi hisobidan 1 yillik ish staji yuritiladi, qolaversa, ular davlatga soliq to‘lashdan ozod etiladi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Agrosanoat kompleksi rahbari Shuhrat G‘aniyev ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA