Namanganda yosh qutqaruvchilar mahorat sinovida bellashdi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari boshqarmasi, Sport boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish malakalarini oshirish, jamoada ishlash, tezkorlik va mas’uliyat hissini mustahkamlashdan iborat.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar shartli favqulodda vaziyatlarda harakat qilish, to‘siqlardan o‘tish, qutqaruv amaliy mashqlari, birinchi yordam ko‘rsatish hamda nazariy savol-javob yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqada umumta’lim maktablari va texnikum jamoalari beshta shart — “Savol-javob”, “Birinchi yordam ko‘rsatish”, “Dor yo‘li va chodir”, “Yuqori qavatlarda ishlash” hamda “Estafeta” bo‘yicha bellashdi.
Yakunlarga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘rtasida Uchqo‘rg‘on tumani 27-maktabning “Xaloskorlar” jamoasi birinchi, Chortoq tumani 54-maktabning “Najot” jamoasi ikkinchi, Davlatobod tumani 56-maktabning “Shunqorlar” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-29122]
Texnikumlar o‘rtasida esa Yangiqo‘rg‘on tumani 1-sonli texnikumning “Jasorat” jamoasi birinchi, Pop tumani 3-sonli texnikumning “Qalqon” jamoasi ikkinchi, Uychi tumani 3-sonli texnikumning “Turonlar” jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘olib jamoalar musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA