Namanganda yangi jamoat transporti yo‘nalishlari tashkil qilinadi
Namangan shahrida infratuzilmani rivojlantirish, ayniqsa, sifatli yo‘lovchi tashish transportini ko‘rsatish hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolardan biridir.
Prezidentimizning shu yil may oyida o‘tkazilgan hududlarda jamoat transportini yanada yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishuvida Namangan shahrini bir millionlik shaharga aylantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, ahli va sayyohlar uchun zamonaviy “yashil transport” yo‘nalishlarini ko‘paytirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirilgan edi.
Davlatobod tumanida joylashgan viloyat vaziyatlarni boshqarish markazida bo‘lib o‘tgan Namangan shahrining transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasi taqdimotida ushbu muhim masala yechimlariga e’tibor qaratildi.

Taqdimotda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari G‘ofurjon Jamolov, Namangan shahri va Davlatobod, Yangi Namangan tumanlari hokimlari, viloyat transport boshqarmasi, viloyat ichki ichki ishlar tizimining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda sohaga aloqador tashkilotlar rahbar va mutaxassislar qatnashdilar.

Tadbirda qayd qilinganidek, bugungi kunda Namangan shahrida aholi va transport vositalari sonining ortib borayotgani shahar transport tizimini yangi yondashuvlar asosida rivojlantirishni taqozo etmoqda.

Ayni shu maqsadda ishlab chiqilgan bosh rejada viloyat markazining transport va yo‘l-transport infratuzilmasini bugungi ehtiyojlar hamda kelgusi rivojlanish istiqbollaridan kelib chiqib takomillashtirish bo‘yicha kompleks takliflar o‘rin olgan.
Loyihani ishlab chiqish jarayonida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanilib, transport oqimlari va asosiy chorrahalardagi harakat intensivligi tahlil qilindi.

Aholining talab va istaklari ham o‘rganilib, shahar bo‘ylab 27 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishini tashkil qilish taklif etildi. Qolaversa, piyoda va velosiped yo‘laklari, yangi yo‘l o‘tkazgichlar, tonnellar hamda piyodalar uchun xavfsiz o‘tish joylarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Binobarin, zamonaviy shahar transport tizimi faqat avtomobillar harakatini tartibga solish emas, balki, avvalo, inson uchun qulay, xavfsiz va samarali harakatlanish muhitini yaratishni talab etadi.
Yig‘ilishda shahar bosh rejasida nazarda tutilgan takliflarni amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish, transport oqimini samarali boshqarish va jamoat transporti xizmatlari sifatini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eng asosiy maqsad Namangan shahrida aholi uchun xavfsiz, qulay, zamonaviy va ekologik barqaror transport muhitini yaratishdir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.