Namanganda xalqaro «Asal festivali» oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Namangan viloyatida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan V xalqaro «Asal festivali»ni keng targ‘ib etish, uning xalqaro nufuzini oshirish va axborot qamrovini kengaytirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari X. Oxunboboyev, jurnalistlar, blogerlar hamda davlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda festivalni respublika va xalqaro miqyosda keng yoritish, uning doirasidagi tadbirlar haqida jamoatchilikka tezkor va xolis axborot yetkazish, media hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
[gallery-31994]
Ta’kidlanganidek, mazkur festival asalarichilik sohasidagi yutuq va ilg‘or tajribalarni namoyish etish, milliy an’analarni ommalashtirish, shuningdek, Namangan viloyatining turistik salohiyatini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda festivalni axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilikni tadbirlardan muntazam xabardor etish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Hotam MAMADALIEV (surat) O‘zA