Namanganda o‘qish 23 yanvarga qadar qoldirildi
Namangan viloyatida joylashgan barcha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 2023 yil 23 yanvarga qadar uzaytirildi.
Ma’lumki, joriy yilning 11 yanvaridan e’tiboran Namangan viloyatidagi 5 ta oliy o‘quv yurti, 63 ta texnikum, kollej va kasb-hunar maktablarida, mavjud xalq ta’limi muassasalarida o‘qish boshlangan edi. Ammo yurtimizda hukm surayotgan anomal sovuq sababli maktablarda o‘quvchilarning davomati keskin pasaydi. Qolaversa, o‘quv xonalarni isitish borasidagi kamchiliklar ko‘rinib qoldi.
Shu boisdan ham viloyatdagi 710 ta umumta’lim maktabida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qish to‘xtatilib, shu yil 18 yanvarga qadar qisqa muddatli ta’til berishga qaror qilingan edi.
Endilikda esa, qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov rahbarligidagi shtab komissiyasi qarori bilan viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqqan holda, Namangan viloyatidagi maktabgacha, maktab va professional ta’lim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy o‘quv yurtlarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi.
Barcha ta’lim maskanlarida dars mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA